​Saratonga qarshi arzonroq dorilar yaratishning samarali yo‘li topildi

Rossiya va Misr olimlari kasallikni tezroq va arzonroq davolash imkonini beruvchi dorilarni yaratish yo‘lini topishdi.
Sputnik
TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Rossiya va Misr olimlari o‘zaro hamkorlikda saraton kasalligiga qarshi dori vositalarini yaratish jarayonini osonlashtirish va tezlashtirish yo‘lini topdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Buning uchun ikki yondashuv — molekulyar modellashtirish hamda hujayralarni o‘stirish usullari umumlashtirildi.
Chunki hozirgacha ma’lum usulda onkologik xastaliklarga qarshi samarali preparat yaratish uchun polimer nanozarrachalarini olishga qaratilgan optimal birikma va texnologiyani tanlash kerak.
Negaki, ushbu o‘ta mitti zarralar dorilarning saraton o‘simtasiga tezroq va yaxshiroq yetib borishiga yordam beradi. Ammo bu usul uzoq vaqt talab etishidan tashqari, juda qimmatga tushadi.
Shu ma’noda, ikki yondashuv kombinatsiyasi dori vositalari xususiyatlari va ta’sirini eksperementdan avval taxmin qilish imkonini beradi. Shu tariqa optimal tarkib shakllantirilib, samarasiz deb baholangan birikmalar undan chiqarib tashlanadi. Bu esa kasallikni tezroq va arzonroq davolash imkonini beruvchi dorilarni yaratishga xizmat qiladi.
Tadqiqot chog‘ida yangi usul saratonga qarshi preparat — karboplatin va uning muqobillarida sinab ko‘rildi. Olimlar bu dorining yangi hosilalarini tahlil qilib, ularning biologik faolligini baholadi.
Yakunda polimer nanozarralari tarkibidagi yangi hosilalar saraton kasalligini davolashda yuqori natija berishi ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid:
Rossiya olimlari saratonga qarshi issiqlik bilan kurashish tizimini ishlab chiqishdi.
Rossiyalik olimlar bemorlar organizmida saraton hujayralarini yo‘q qilishning yangi usulini topishdi.