Pskom, Norin, To‘palang darolarida GES quriladi — tafsilotlar

Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga Pskom, Norin, To‘palang darolarida aniqlangan maydonlarda 36 ta o‘rta va yirik gidro elektr stansiyalarni loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Sputnik
TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Pskom, Norin, To‘palang darolarida GES barpo etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda bu yil “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kamida 7 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi.
Mutasaddilarga Pskom, Norin, To‘palang darolarida aniqlangan maydonlarda 36 ta o‘rta va yirik gidro elektr stansiyalarni loyihalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, xususiy sektor ishtirokida 9 Megavattli 26 ta mikro GES barpo etiladi.
“Katta Andijon” kanalida 23 Megavattli 3 ta hamda To‘palang darosida 16 Megavattli bitta GES qurish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi ko‘rib chiqildi
Bu yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1,7 ming Megavatt quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Viloyatlarda bu bo‘yicha faol ish boshlangan.
Xususan, qisqa vaqtda ijtimoiy sohada 62 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 23 Megavatt, aholi xonadonlarida 20 Megavatt quyosh panellari o‘rnatilgani qayd etildi.
Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish, “yashil energiya”ni rivojlantirish bo‘yicha tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda 15 ta yangi gidro elektr stansiya ishga tushirilgani, 12 tasi modernizatsiya qilingani natijasida qo‘shimcha 260 Megavattli quvvatlar yaratildi. Bugungi kunda gidroenergetika quvvatlari 2,1 ming Megavattga yetib, yiliga 6,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilmoqda.
Shu bilan birga, gidroenergiya quvvatlarini 1 ming Megavattga oshirish, xususiy sektor ishtirokida 38 Megavattli 58 ta mikro GES qurish imkoniyati hisob-kitob qilingan.