TOShKENT, 17 mar — Sputnik. XXR raisi Si Szinpin prezident Vladimir Putinning taklifiga binoan 20-22 mart kunlari Rossiyaga tashrif buyuradi, deb xabar qildi RIA Novosti Kreml matbuot xizmatiga asosan.
“XXR va Rossiya rahbarlari muzokaralari chog‘ida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama sheriklik munosabatlari va strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Tashrif davomida Moskva va Pekin o‘rtasidagi xalqaro maydondagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan. Shuningdek, bir qator muhim ikki tomonlama hujjatlar imzolanadi, deya ta’kidladi Kreml.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin Xitoy rahbarining Rossiyaga tashrifi do‘stlik tashrifi bo‘lib, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunish va ishonchni yanada mustahkamlashini ta’kidladi. Shuningdek, sammit Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlaydi va ikki xalq o‘rtasidagi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan do‘stlikning siyosiy poydevorini mustahkamlaydi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Si Szinpin Putin bilan ikki tomonlama munosabatlar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan chuqur fikr almashishini qayd etdi. Muzokaralar qarama-qarshilik qilmaslik va uchinchi tomonlarni nishonga olmaslik tamoyillari asosida olib boriladi.
Putin va Si Tszinpin oxirgi marta o‘tgan yilning dekabr oyida videokonferensiya orqali muzokara o‘tkazgan edi. Keyin Rossiya rahbari xitoylik hamkasbini Moskvaga taklif qildi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, tashrif butun dunyoga Rossiya-Xitoy aloqalari mustahkamligini namoyish etadi va ikki tomonlama munosabatlardagi yilning asosiy siyosiy voqeasiga aylanadi.