TAShKENT 17 mar — Sputnik. Rossiya TIV 14-mart, seshanba kuni “g‘alla bitimi”ni yana 60 kunga eski shartlar asosida uzaytirishini e’lon qildi: Moskva Ukrainaning Qora dengiz sohilidagi uchta portidan oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz eksport qilishga yordam berishda davom etadi, BMT esa oziq-ovqat va o‘g‘itlarni Rossiyadan jahon bozorlariga eksport qilishni ta’minlaydi.
Bu bitimning birinchi qismi – Ukraina g‘allasini to‘siqsiz eksport qilish sakkiz oy davomida to‘liq amalga oshirilayotgan bir paytda – bitimning ikkinchi qismi, ya’ni Rossiya eksporti masalasida esa bir qator muammolar mavjud.
Bitim natijasida Moskva uchun foydasi ekspertlar hamjamiyatining katta qismi tomonidan shubha ostida bo‘lgan“g‘alla bitimi”ni nega Rossiya yana uzaytirdi – Sputnik bu savolga aniqlik kiritdi.
“G‘alla bitimi” –masalasining tarixi
Qishloq xo‘jaligi eksporti sohasida Rossiya va Ukraina an’anaviy ravishda yetakchi o‘rinlarni egallaydi (masalan, Rossiya bug‘doy yetkazib berish bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinda, Ukraina esa bu ro‘yxatda beshinchi o‘rinda turadi).
Bu ikki davlatdan mahsulotlarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar bozorga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi: g‘alla va o‘g‘it mahsulotlari narxi sezilarli darajada oshdi.
Ukraina, maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng, oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish bilan bog‘liq muammolarga duch keldi (aslida o‘zlari tomonidan minalangan dengiz portlari tufayli). Rossiya esa G‘arb davlatlarining misli ko‘rilmagan sanksiyalari bosimiga duch keldi, bu de-yure Rossiyaning oziq-ovqat eksportini cheklamaydi, lekin de-fakto uni bir qator moliyaviy cheklovlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlar bilan bloklaydi (Yevropa portlariga kirish, Rossiya operatorlarining kemada yuk tashish huquqi, sug‘urta qilish, to‘lovlarni amalga oshirish va h.k.).
Aynan oziq-ovqat inqirozi bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun dunyo davlatlari rahbarlari “oziq-ovqat muammosi” ni hal qilishga kirishdilar. G‘arb eng qashshoq mamlakatlar kelajagi haqida jiddiy xavotir bildirgan holda, bu muammoni imkon qadar tezroq hal qilishga da’vat qildi.
Eslatib o‘tamiz, oziq-ovqat inqirozi maxsus operatsiya boshlanishidan oldin vujudga kelgan: SOVID-19 pandemiyasi tufayli butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat yetkazib berish zanjirlari va tarqatish kanallarida uzilish sodir bo‘lgan, yoqilg‘i-energetika resurslari narxi rekord darajada oshgan, oziq-ovqat narxlarida o‘n yil ichida maksimal sur’atlarda o‘sgan, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari esa Amerika bilan Yevropadagi asosiy ekinlarni yo‘q qilgan.
Muzokaralarda vositachilik vazivasini BMT va Turkiya o‘z zimmasiga oldi, ular bilan 2022-yil 22-iyulda bir vaqtning o‘zida ikkita bitim tuzilgan: “Ukraina portlaridan g‘alla va oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz tashish bo‘yicha tashabbus” va “ RF va BMT o‘rtasida Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik memorandumi”.
Turkiya va BMT bilan tuzilgan birinchi hujjat Rossiya va Ukraina tomonidan alohida imzolangan bo‘lsa, ikkinchisi, nomidan ko‘rinib turibdiki, faqat RF va BMT tomonidan imzolangan.
Bitimlar nizoga asos
Birinchi bitim Ukrainadan qishloq xo‘jaligi yuklarini tashish uchun dengiz orqali xavfsiz yo‘lni tashkil etishni nazarda tutadi. Uning doirasida g‘alla Ukrainaning uchta portidan – Odessa, Chenomorsk va Yujniy portlaridan eksport qilinadi.
Dastlab, bitim 120 kun davomida amalda bo‘lgan, shundan so‘ng tomonlarning hech biri e’tiroz bildirmagani uchun, yana xuddi shunchamuddatga uzaytirilgan. Uzaytirish 17-noyabr kuni amalga oshirilgan – bitim 18-martda tugashi kerak edi.
Ushbu tashabbus doirasida Qora dengiz bo‘ylab 1600 dan ortiq qatnov amalga oshirildi va 24 million tonnadan ortiq g‘alla eksport qilindi.
“G‘alla bitimi” tuzilishidan oldin Ukraina va G‘arb hukumatlari oziq-ovqat inqirozidan aziyat chekayotgan eng qashshoq va rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berish zarurligini yuqoriga ko‘tarib, Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuvlar yo‘qligi sababli Afrikada ommaviy ochlik xavfini ta’kidlagandilar.
Biroq, natijada, Ukraina tomonidan eksport qilingan g‘allaning deyarli 65 foizi (bugungi kungacha) beshta davlatga – Xitoy, Ispaniya, Turkiya, Italiya va Niderlandiyaga ketgani ma’lum bo‘ldi. Avstriyaning Exxpress nashri fevral oyida Ukraina bug‘doyining ko‘p qismi ochlikdan azob chekayotgan Afrikaning o‘rniga ispan cho‘chqalarini boqish uchun yuborilgani haqida xabar berdi.
Shu paytda, Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘itlarini (shu jumladan ularni ishlab chiqarish uchun xom ashyoni) jahon bozorlariga eksport qilishda BMT yordamini nazarda tutuvchi ikkinchi hujjatni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi.
Xullas, RF o‘g‘itlarining Boltiqbo‘yi, Belgiya va Niderlandiya portlarida blok holatida bo‘lishi davom etmoqda (262 ming tonnadan atigi 20 ming tonnalik bitta partiya Janubiy Afrikaning Malavi davlatiga yuborilgan). O‘g‘itlar va oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lgan Rossiya eksportiga xalaqit beradigan moliyaviy tashkilotlar, bank operatsiyalari, sug‘urta, logistikaning faoliyati hal etilmagan, Tolyatti-Odessa ammiak quvuri esa Ukraina pozitsiyasi tufayli hali ham ishlamayapti.
18 mart –“g‘alla bitimi” tugaydigan kun yaqinlashganda–Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Vershinin Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvni uzaytirish to‘g‘risida yangi qaror qabul qilishda bitim samaradorligiga tayanishini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya Qora dengiz g‘alla tashabbusining faqat 60 kunga uzaytirilishiga qarshi emas.
Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Kubrakov bundan norozi bo‘ldi. Uning fikriga ko‘ra, Rossiyaning pozitsiyasi o‘tgan yilning iyul oyida imzolangan hujjatga zid keladi, ya’ni, muddatni uzaytirish 120 kunga amalga oshirilishi kerak.
Janob Kubrakov avval imzolangan hujjatlarda kelishuvning Rossiya eksportiga oid ikkinchi qismi bajarilmagani va Tolyatti-Odessa ammiak quvuri blokirovkasi ochilmaganida hech qanday qarama-qarshilik ko‘rmabdi. Ukraina infratuzilma vaziri o‘rinbosari Yuriy Vaskovning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev kelishuvni kamida bir yilga uzaytirmoqchi va unga qo‘shimcha port (Nikolayevni) qo‘shmoqchi.
Yevropa Ittifoqida “g‘alla bitimi”ni hatto ko‘shma bitim deb ham hisoblashmaydi, chunki Ukraina g‘allasini xavfsiz eksport qilish to‘g‘risidagi hujjatlar va Rossiyadan o‘g‘itlar va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishni osonlashtirish to‘g‘risidagi memorandumda “imzolovchilar tarkibi har xil”. Ya’ni, 22-iyul kuni YeI ma’lumotlariga ko‘ra, bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan va bir-biridan mustaqil bo‘lgan mutlaqo boshqa ikkita shartnoma imzolangan.
Bitimlarning bir kunda bir joyda tuzilgani va ikkita shartnomadan bittasi bo‘lmagan taqdirda umuman hech qanday bitim bo‘lmasligini YeI, albatta, e’tibordan chetda qoldiradi. Xullas, G‘arb odatdagidek o‘zining noaniq va tushunarsiz o‘yinini boshladi.
Nima uchun Rossiya bitimni baribir uzaytirdi?
Bitimning Rossiya eksportiga oid ikkinchi qismi bajarilmagani munosabati bilan Rossiya hukumati va rossiyalik ekspertlar “g‘alla tashabbusi”ni bir necha bor tanqid qilishgan.
Nega unda Moskva bu bitimni uzaytirishga rozi bo‘ldi? Javob oddiy: Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishi kerak.
RF o‘zi iste’mol qila oladigan miqdordan ko‘ra ko‘proq g‘alla va o‘g‘itlarni ishlab chiqaradi. Shu sababli, Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun jahon bozorlariga chiqish borasida qo‘shimcha cheklovlar mutlaqo noo‘rin bo‘lar edi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ta’kidlaganidek, 2022-yilda mamlakatda rekord darajadagi g‘alla hosili olindi – taxminan 153-155 mln tonna (bir yil avval 120,7 mln tonna). Bu rekord nafaqat RFning zamonaviy tarixida, balki RSFSRda ham bunday ko‘rsatkichlar bo‘lmagan edi.
Eksport ham rekord bo‘lishi aniq (avvalgi rekord 49 mln tonnani tashkil etgan).
RF Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mavsum boshidan beri (qishloq xo‘jaligi yili 1-iyuldan 30-iyungacha davom etadi) Rossiya allaqachon 40 million tonnaga yaqin eksport qilgan.
Qishloq xo‘jaligi yili yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich (barcha infratuzilma va sanksiya cheklovlarini hisobga olgan holda) 53-54 mln tonnaga yetishi mumkin, dedi “Birlashgan g‘alla kompaniyasi”bosh direktorining o‘rinbosari Kseniya Bolomatova “Rossiya agrotrendlari 2022-2023” anjumanida.
“Agar cheklovlar bo‘lmaganida, ehtimol 60 milliondan ko‘proq bo‘lar edi”, dedi Kseniya Bolomatova.
Bunday hajmlarni amalga oshirish uchun hozirgi geosiyosiy sharoitda mavjud bo‘lgan har qanday eksport imkoniyatlari zarur. Bugungi kunda “g‘alla bitimi” esa ularni bazo‘r ta’minlaydi (misol uchun –Azov-Qora dengiz havzasi portlarida quruq yuklarni tashish hajmi 2022-yilda 2021-yilga nisbatan 6 foizga oshgan).
Ammo bu kelishuvdan chiqish qandaydir tarzda Rossiya uchun foyda olib keladimi, bu katta savol. Rossiya eksportchilarining o‘z mahsulotlarini tashish, sug‘urta va to‘lovlar bo‘yicha shundoq ham qiyin vaziyati yanada og‘irlashadi.
Raqobatchini mag‘lub etish
Rossiya g‘alla yetishtirish va eksportini oshirayotgan bo‘lsa, Ukraina xorijda hosildorlik va g‘alla yetkazib berishning pasayishidan qocha olmayapti.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil iyulidan 2023-yil fevraligacha Ukrainaning Qora dengiz portlaridan g‘alla eksporti ikki baravar (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan) –42,6 mln tonnadan 19,2 mln tonnagacha kamaydi.
Umuman olganda, yil davomida RF g‘alla ishlab chiqarishni (~33-35 million tonna) Ukraina eksporti tushgan miqdor (~23 million tonna) baravariga oshirdi. Rossiya, cheklovlar bo‘lmagan taqdirda, “unumdor Ukraina yerlari”da butun joriy qishloq xo‘jaligi yilida ishlab chiqarilgan miqdorga (60 mln tonna) teng ravishdag‘alla eksport qilishi mumkin.
Qolaversa, 65 mln tonna hosil Ukraina uchun odatiy holat. Oxirgi 10-yil ichida Ukraina doimiy ravishda taxminan bir xil miqdorda hosil to‘plangan. Endi, Ukrainada harbiy harakatlar fonida ishlab chiqarishning sezilarli darajada pasayishi haqida gapirishganda, biroz ayyorlik qilishmoqda. Gap shundaki, bugungi kunda Kiyevda jamoatchilik e’tibori faqat o‘tgan qishloq xo‘jaligi yilining rekord ko‘rsatkichiga qaratilgan - o‘sha paytda Ukraina 84 million tonna g‘alla va dukkakli ekinlarni to‘plagan (moyli ekinlar bilan birga 106,6 million tonna).
Mutaxassislarning (ham rus, ham ukrain, ham xalqaro) fikriga ko‘ra, Ukrainaning 2022 taqvim yilidagi foydasi taxminan yarmiga yoki undan ham ko‘proqqa kamaydi. Rossiya, Agrosanoat mahsulotlari eksportini rivojlantirish federal markazi (FDBM "Agroeksport") ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda g‘alla eksportini pulda 15 foizga oshirdi.
Qishloq xo‘jaligi yilining oxirida Moskva va Kiyev o‘rtasidagi daromad farqi yanada katta bo‘lish ehtimoli yuqori. Bu farq, ehtimol, yaqin kelajakda, shu jumladan Ukrainada g‘alla ishlab chiqarishning qisqarishi tufayli o‘sadi. "ProZerno" tahliliy markazi direktori Vladimir Petrichenkoning bashoratiga ko‘ra, 2023-yilda ko‘rsatkich 38 mln tonnaga tushadi.
Shu yo‘sinda, Rossiya jahon bozorlariga o‘z ta’minotini oshirishi mumkin.
Umuman olganda, g‘allaning yetarlicha yuqori bahosini hisobga olsak, Rossiyaning g‘alla eksportidan, shu jumladan “g‘alla bitimi” orqali iqtisodiy foydasi –Ukraina oladigan foydadan sezilarli darajada oshib ketishi ayon bo‘ladi.
Bunday holat, masalan, kungaboqar yog‘i yetkazib berish sohasida qayd etilmoqda.
Agar 2021/2022 yilgi mavsumda Ukraina eksportining jahonga yetkazib berishdagi ulushi 40% ni, Rossiyaniki esa 29% ni tashkil etgan bo‘lsa, hozir kuchlar muvozanati o‘zgarmoqda. AQSh Qishloq xo‘jaligi departamentining fevral oyidagi bashoratiga ko‘ra, joriy qishloq xo‘jaligi yilida RF kungaboqar yog‘i eksporti bo‘yicha jahon yetakchisiga aylanishi mumkin, bu esa ilgari yetakchilikni mustahkam ushlab turgan Ukrainani yetakchijoydan siqib chiqarishi mumkinligini anglatadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, 2021-yil taqvim yilida kungaboqar yog‘i Ukrainaga boshqa barcha qishloq xo‘jaligi eksportidan eng katta daromad keltirdi – 6,4 milliard dollar.
Bunga parallel ravishda Rossiya ham jahonning asosiy don ekini – bug‘doy eksporti bo‘yicha uzoq muddatli yetakchilikni mustahkamlamoqda.
Do‘stlik uchun
“G‘alla bitimi” ning yana bir muhim jihati Rossiyaning hamdo‘st davlatlar bilan munosabatlarini rivojlantirishdir.
Birinchidan, bu g‘alla tannarxini “nazorat qilish” imkonini beradi, shu jumladan, uni pasaytirishga yordam beradi, bu esa jahon narxlariga e’tiborli bo‘lgan Afrika va Osiyo mamlakatlarida katta qiziqish uyg‘otadi.
Xuddi shu “qora qit’a” davlatlari Rossiyaning ularning manfaatlari yo‘lida harakat qilishga tayyorligini ko‘rishmoqda (masalan, Ukraina donining katta qismini o‘zi uchun oladigan demping qilayotgan Yevropa Ittifoqidan farqli o‘laroq) va ular bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirish esa Moskva uchun juda muhim.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasida ovoz berishda Afrika davlatlarining ko‘pchiligi Rossiyani maxsus harbiy operatsiya o‘tkazganlikda qoralovchi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan edi.
Ikkinchidan, bugungi kunda hamdo‘st mamlakatlar RF dan oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlanmoqda. Rossiya, o‘z navbatida, xuddi shu bozorlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, shu orqali eksportini rivojlantirmoqda va diversifikatsiya qilmoqda.
Shunday qilib, "Agroeksport" va "Rosselxoznadzor" ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 126 ta davlat Rossiyadan g‘alla va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotib oldi. Yaqin Sharq, Osiyo, Afrika hamdo‘st mamlakatlari va YeOIIdagi ittifoqchilar ularning eng yirik xaridoriga aylandi.
Rossiya uchun kutilmagan foydali tomon, shuningdek, bir qator Yevropa mamlakatlarida sodir bo‘layotgan voqealardan norozilik edi.
Avvalroq YeI ukrainalik fermerlar uchun bojsiz savdo rejimini joriy qilgan edi, bu esa Ukrainadan YeI mamlakatlariga g‘allaning nazoratsiz yetkazib berilishiga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligining pasayishiga, ularning qishloq xo‘jaligi tarmoqlaridagi inqirozga, mahalliy fermerlar yo‘qotishlariga va ularning bankrot bo‘lish arafasiga olib keldi.
Natijada, Bolgariyada fermerlar bir qator yirik shaharlarda muddatsiz milliy norozilik namoyishiga chiqdilar va Polshada o‘z ishlab chiqaruvchisini himoya qilish uchun Ukrainadan olib kelingan har bir tonna g‘alladan 1000 AQSh dollari miqdorida depozit olishni nazarda tutuvchi yangi qonun loyihasi tayyorlandi.
Vengriya, Ruminiya, Slovakiya va Chexiyadagi fermerlarning noroziligi haqida ham xabarlar kelmoqda.
Yana o‘g‘itlar haqida
Shuningdek, “g‘alla bitimi”ni uzaytirishning muhim jihati uning avvalroq muhokama qilingan 120 kun (Kiyev xohishida hatto 365) o‘rniga Rossiya tashabbusi bilan 60 kunga uzaytirilishidir.
Bu, ehtimol, agar Rossiya o‘g‘itlarini yetkazib berish bo‘yicha cheklovlarni olib tashlash sohasida hech qanday progress bo‘lmasa, Ukrainaning bugungi kunda u yoki bu darajada foydasi qisqarishi mumkinligi haqida BMT ga, ogohlantirishdir.
Shu bilan birga, Rossiya jahon bozoriga o‘g‘itlarning asosiy yetkazib beruvchisi ekanligini eslaymiz (turli manbalarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining ulushi 14 dan 23% gacha).
BMT tomonidan Rossiyaning o‘g‘itlar eksportiga to‘siq qo‘yish borasida o‘zgarish yo‘qligi (G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishning kechikishi bilan birga) dunyoda hosildorlikning pasayishiga, ochlik sonining ko‘payishiga – shubhasiz qayg‘uli oqibatlarga olib keladi.
BMT 2022-yilni “misli ko‘rilmagan ochlik” yili deb atadi. G‘arb siyosatida o‘zgarishlar bo‘lmasa, 2023-yil dunyoning katta qismi uchun ancha yomon bo‘lishi mumkin.