Uchinchi jahon urushi ketmoqda, faqat uning shakli boshqacha - Asad

Uchinchi jahon urushi proksi-urush bo‘lgani sababli Zelenskiy va Suriyadagi terrorchilar G‘arb nomidan kurash olib bormoqda.
Sputnik
TOShKENT, 16 mar - Sputnik. Hozir dunyoda Uchinchi jahon urushi ketmoqda, faqat uning shakli boshqacha, dedi RIA Novosti nashriga bergan intervyusida Suriya prezidenti Bashar Asad.
Muxbirning "bugungi Ukraina mojarosi Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkinmi" degan savoliga Asad quyidagicha javob berdi:

"Menimcha, Uchinchi jahon urushi allaqachon ketmoqda, lekin uning shakli boshqacha. Oldingi zamonlarda bir necha davlat armiyalari bir-biriga qarshi to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush olib borgan. Bugun ham vaziyat xuddi shunday, lekin zamonaviy ushlab turish qurollari mavjudligi, ayniqsa yadro quroli borligi tufayli urush - proksi-urushga aylangan. Ya’ni Zelenskiy o‘zining millatchi armiyasi bilan G‘arb tomonida turib kurashmoqda. Suriyada va boshqa mamlakatlarda G‘arb tomonida turib kurashayotgan terrorchilar ham xuddi shunday urush olib bormoqda", - dedi Asad.

Ma’lumot uchun, Suriya prezidenti Bashar Asad 15-mart kuni Moskvaga amaliy tashrif bilan kelgan edi. Ukraina mojarosi boshlanganidan so‘ng bu arab respublikasi rahbarining Moskvaga birinchi tashrifi bo‘ldi. Tashrif doirasida Asad Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashib, unga yer qimirlashi oqibatlarini bartaraf etishda yordam bergani uchun Suriya xalqi nomidan minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Asad Rossiya olib borayotgan maxsus operatsiyani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.