Eski “prava”ni bayram kunlarida ham almashtirish mumkin – Adliya vazirligi

Ta’kidlanishicha, buning uchun ish grafigi mehnat qonunchiligi doirasida qayta ko‘rib chiqilgan.
Sputnik
TOShKENT, 16 mar - Sputnik. Joriy yilning 18-19-20 hamda 22-mart kunlari Davlat xizmatlari markazi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘limlarida haydovchilik guvohnomalarini almashtirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Adliya vaziri matbuot kotibi ma’lum qildi.
“31 mart kuni eski guvohnomalarni almashtirishning birinchi bosqichi yakunlanishi, 2010-yilgacha berilgan eski “prava”lar haqiqiy emas deb hisoblanishi va belgilangan muddatda hujjatini almashtirmaganlar sonining ko‘pligini hisobga olgan holda 18-19-20 hamda 22-mart kunlari eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish imkoni yaratildi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, buning uchun ish grafigi mehnat qonunchiligi doirasida qayta ko‘rib chiqilgan.
Bunda, yuqorida qayd etilgan kunlarda DXMlar hamda IIBB YHXB bo‘limlari orqali haydovchilar ertalab soat 9:00 dan kechgi soat 18:00 gacha xizmatdan foydalanishlari mumkin.
Qayd etilishicha, joriy yilda 600 mingdan ortiq eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagisiga almashtirilishi lozim.
O‘zbekiston Hukumati tomonidan 2020, 2021 va 2022-yillar davomida haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddatlari bir necha marotaba uzaytirilgan edi. Shunga qaramasdan 3 millionga yaqin haydovchilar (2022 yil) eski namunadagi guvohnomalardan foydalanmoqda.