TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Tojikistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvini o‘tkazishga tayyorgarlik boshlandi. Tadbir 14-15 sentabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi.
“Tojikiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha kompleks tayyorgarlik ishlarini boshladi. Shu munosabat bilan mamlakat prezidenti topshirig‘iga binoan Respublika bosh vaziri Qohir Rasulzoda boshchiligida barcha vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat Tashkiliy qo‘mita tuzildi”, - deyiladi xabarda.
Maslahat uchrashuvi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tkaziladi. Sammitda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmaniston rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Beshinchi yubiley maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha bir qator muhim hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularning asosiysi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Qo‘shma bayonotidir.