Markaziy Osiyoda Ramazon oyi qachon boshlanishi ma’lum bo‘ldi

Markaziy Osiyo davlatlarida 2023-yil Ramazon oyi 23-martda boshlanadi, 17-apreldan 18-aprelga o‘tar kechasi esa Qadr kechasi, 21-aprel - Ramazon hayiti kuni bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 15 mar – Sputnik. Markaziy Osiyo davlatlarida Ramazon oyi 23-mart kuni boshlanadi. Bu haqida Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, Oliy muftiy Naurizbay hoji Taganuli jurnalistlarga ma’lum qildi.
Ramazon taqvimi 2023 — saharlik va iftorlik vaqtlari

"Markaziy Osiyo davlatlari muftiylari, fatvo sohasiga mas’ul ulamolar bilan maslahatlashib, ilmiy izlanishlar natijalarini ham hisobga olib, biz qo‘shma qarorga keldik. Alloh taoloning izni bilan bu yil Ramazon oyi 23-martda boshlanadi, 17-apreldan 18-aprelga o‘tar kechasi esa Qadr kechasi bo‘ladi. 21-aprel - Ramazon hayiti kuni", - dedi Naurizbay hoji.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Ramazon oyining boshlanish sanasi hozircha rasman e’lon qilinmagan. So‘nggi yillarda Ramazon oyining boshlanishi va muhim sanalari Markaziy Osiyo davlatalari muftiylari va ulamolari kelishuvi asosida yagona sanada o‘tkazib kelinmoqda.