TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan tijorat maqsadlarida noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik deb belgilandi, ularga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda O‘RQ–822-sonli qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Quyidagi holatlar o‘g‘rilik hisoblanadi:
umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish;
elektr energiyasi, tabiiy gaz, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish;
hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan talon-toroj qilish.
Mazkur huquqbuzarlik uchun 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etgan shaxslarga ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.
Ma’muriy jazo choralari:
BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;
yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish.