Belarus o‘z elektrobus va tramvaylarini O‘zbekistonga yetkazib bermoqchi

Belarusning O‘zbekistondagi elchisi Leonid Marinich Toshkent hokimi bilan uchrashdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 mar — Sputnik. Belarus o‘z elektrobus va tramvaylarini O‘zbekistonga yetkazib bermoqchi. Bu haqda Belarusning O‘zbekistondagi elchisi Leonid Marinich Toshkent shahar hokimi v.b Baxtiyor Rahmonov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Baxtiyor Rahmonov uchrashuvda ikki tomon ham o‘zaro aloqalar rivojlanishidan manfaatdor ekanligini ta’kidladi. Toshkent shahar hokimligining birgalikdagi loyihalarga va keng ko‘lamli hamkorlikka ochiqligi va tayyorligi bildirildi.
Shuningdek, Leonid Marinich ham Belarus tomoni O‘zbekiston bilan munosabatlarni qadrlashi, hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishdan manfaatdor ekanligini qayd etdi.
U bir necha yo‘nalishdagi aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish taklifini bildirdi:
Belarusda elektrobuslar, tramvaylarning hozirgi zamon talablariga javob beradigan yangi avlodi ishlab chiqarilayotganligini ta’kidlab, ularni yetkazib berish;
Belarusda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi samarali qo‘llanilayotgani, davlat va jamiyat ishida foydali bo‘layotganligiga urg‘u berib, shu yo‘nalishdagi dasturiy mahsulotlardan “Raqamli Toshkent” loyihalarida foydalanish;
Toshkentda Belarus yengil sanoatining savdo uyini ochish.
Hokim Belarus elchisining takliflari shahar hokimligining tegishli mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganilishini ta’kidladi.