TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga murojaat bilan chiqdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda Rossiya Federatsiyasida ishlayotgan mehnat migrantlari orasida bank xizmatlari bilan bog‘liq turli firibgarliklarga duch kelish holatlari yuz bermoqda.
Xususan, qarindoshlariga pul o‘tkazish maqsadida mobil ilovadan foydalanish jarayonida mehnat migranti hisob raqamidan pul yechib olish yoki uning nomiga yuqori foizli kreditlar rasmiylashtirish kabi muammolar uchramoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu holatlar bo‘yicha huquq-tartibot idoralari tomonidan qator surishtiruv ishlari boshlangan.
Shu munosabat bilan, o‘zbekistonlik mehnat migrantlaridan bank xizmatlaridan, xususan, pul o‘tkazish tizimlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lish, shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga ma’lum qilmaslik so‘ralmoqda.