TOShKENT, 10 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti XXR Raisi Si Szinpinni lavozimiga qayta saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Butunxitoy xalq vakillari yig‘inining 14-chaqiriq birinchi sessiyasida oliy lavozimga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbarining qutlovida so‘nggi yillarda Xitoy Si Szinpin rahbarligida barcha soha va tarmoqlarda misli ko‘rilmagan natijalarga erishgani, ilmiy-texnologik, innovatsion va ijtimoiy rivojlanishda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgani alohida ta’kidlangan.
Xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni mutlaqo yangi - har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga XXR Raisining qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi qayd etilgan.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan davlatlarning ko‘p qirrali hamkorligi bundan keyin ham xalqlar manfaatlari yo‘lida jadal rivojlanib borishiga ishonch bildirilgan.
O‘zbekiston prezidenti Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan zafarlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, bardavom ravnaq va farovonlik tiladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Butunxitoy xalq vakillari kengashi deputatlarining ovoz berish natijalariga ko‘ra, Si Szinpin bir ovozdan uchinchi besh yillik muddatga Xitoy raisi lavozimiga qayta saylandi.