AQSh Kiyev uchun kamikadze uchuvchilarni tayyorlamoqda

MiG-29larini AQShning AIM-120 raketalari bilan jihozlash Ukraina Havo kuchlarining g‘alaba imkoniyatini oshirmaydi, chunki Rossiya samolyotlari undan ikki baravar kuchli raketalar bilan jihozlangan. Bunda aksariyat UHK uchuvchilarining faqat bitta parvoz imkoniyati bo‘ladi xolos.
Sputnik
TOShKENT, 10 mar - Sputnik. Vashington Kiyev rejimiga NATOning zarba beruvchi samolyotlarini yetkazib berib tavakkal qilmaydi. Ukraina armiyasining havo kuchlaridagi ehtiyojini AQSh turli davlatlardan sotib olingan ishlatilgan MiG-29 qiruvchi samolyotlarini amerikaning “havo – yer” va “havo – havo” turkumidagi raketalari bilan jihozlash orqali hal qilishga harakat qilmoqda.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Jon Kirbi xabar berishicha, AQShning Arizonadagi harbiy-havo bazasida ukrainalik uchuvchilarning malakasini oshirish F-16 ni boshqarishga tayyorgarlik emas, balki Amerikaning yuqori aniqlikdagi raketalarini MiG qiruvchi samolyotlariga o‘rnatish imkoniyatlarini baholashdan iborat. Vashington Kiyevga NATO samolyotlarini yetkazib berishga hali erta deb hisoblaydi, biroq Kongress ukrainalik aviatorlarni Amerikaning F15 va F16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishni o‘rgatish uchun 2022-yil iyulida 100 million dollar ajratib bo‘lgan edi. 6-mart, dushanba kuni AQShda UQKning dastlabki ikki uchuvchisining “noaniq” mashg‘ulotlari boshlandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerika F-6 qiruvchi samolyotlarini jang maydonida Ukraina g‘alabasining kaliti deb hisoblaydi. Rossiya Mudofaa vazirligining statistik ma’lumotlari esa G‘arbdan Ukrainaga hujum samolyotlari yetkazib berishning ma’nisizligidan dalolat beradi, chunki bir yil ichida UQKning 400 ga yaqin samolyoti va 200 dan ortiq vertoloti yo‘q qilindi.

Rossiya Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, maxsus operatsiya boshida (2022 yil 24-fevral) Ukraina Harbiy-havo kuchlarida atigi 152 ta samolyot bo‘lgan. Shu jumladan, 85 ta barcha turdagi qiruvchi samolyotlar. Binobarin, UQKning yo‘q qilingan 400 ta samolyotining 250 tasi - AQSh puliga asosan butun dunyo bo‘ylab yig‘ilgan SSSR va Rossiyada ishlab chiqarilgan MiG-29, Su-27, Su-24 va Su-25 samolyotlaridir.
Amerika raketasini integratsiya qilish uchun aynan MiG-29 tanlangani bejiz emas. Bu to‘rtinchi avlod front qiruvchi samolyoti bo‘lib, boshqariladigan raketalar va bort zambaragidan o‘q uzish bilan barcha turdagi havo nishonlariga zarba berishga qodir.
Maksimal tezligi soatiga 2400 km. Balandligi–18000 metr. Uzoqlik masofasi –2100 km. Jangovar yuk ko‘tarishi –3 tonnagacha. MiG-29 – eng keng tarqalgan sovet qiruvchi samolyotilaridan biri bo‘lib, u turli xil modifikatsiyalarda 1600 donadan ortiq ishlab chiqarilgan.
MiG-29 samolyotlari rasman 29 ta davlat qurolli kuchlari safida bor, jumladan Ukrainada ham. Misol uchun, Sovet merosidan Polshada 50 dan ortiq MiG-29 qolgan va Varshava Kiyevga hammasini berishga tayyor. Ruminiyada 24 ta MiG samolyoti bor. Avvalroq AQSh Moldovadan 21 ta MiG-29 sotib olgan edi.
Vengriyaning 28 ta va Bolgariyaning 12 ta MiG-29 samolyotlarining taqdiri noma’lum. Mart oyi boshida Slovakiya Ukrainaga 10 ta MiG-29 qiruvchi samolyotini topshirishga tayyorligini bildirgan edi. Osiyo va Afrika mamlakatlari havo kuchlarinihisobga olmagan taqdirimizda ham, AQSh tomonidan “sotib olishi” yoki Ukraina uchun almashtirishi mumkin bo‘lgan jami 140 ga yaqin MiG-29 samolyotlar yig‘ilmoqda.
MiG-29 qiruvchi samolyotlarining (shuningdek, Su-25 front bombardimonchilari va Su-25 hujumchi samolyotlarining) texnik tayyorgarligini tiklash muammolarini Sharqiy Yevropadagi “MiGlar” va “Suxoylar”ni ta’mirlash borasida asosiy baza bo‘lgan Polshadagi №2 Wojskowe Zakłady Lotnicze davlat samolyot ta’mirlash zavodi hal qilishi mumkin. Eslatib o‘taman, Lvov aviatsiya zavodi Rossiya MHO boshidayoq raketa hujumi bilan “yo‘q qilingan”.

Ukraina “kamikadze” lari

UQK uchuvchilari F-16 va F-15 qiruvchi samolyotlarini qayta o‘rganishi uchun necha oy yoki yillar kerak bo‘lishi – muhokama qilinadigan mavzu. Ukraina "as"larining havo jangida hech bo‘lmaganda bitta g‘alabasini tasdiqlovchi dalillarning yo‘qligi – mulohaza uchun ma’lumotdir. Rossiyaning oltita samolyotini yolg‘iz o‘zi urib tushirgan “Kiyev arvohi” shunchaki Ukraina OAV ning uydirmasi bo‘lib chiqdi.
Maxsus harbiy operatsiya hududida Rossiya xavo-kosmik kuchlari qiruvchi samolyotlarining (Su-57, Su-35S, Su-30SM) ustunligi so‘zsizdir. Ukrainaning Su-27 va Su-24 samolyotlarini R-37M “havo – havo” raketalari yordamida 200 km dan ortiq (NATO uchun bu juda uzoq) masofadan turib yo‘q qilinganligi hatto Britaniya manbalari tomonidan ham tasdiqlanmoqda.

Amerikaning zarba berish masofasi 180 km bo‘lgan AIM-120 “havo – havo” raketalari bilan jihozlash Ukraina MiG-29larining g‘alaba qozonish imkoniyatini oshirmaydi. Avvalroq amerikalik mutaxassislar MiG-29 samolyotiga radiolokatsiyaga bardoshli bo‘lgan AGM-88 HARM raketalarini o‘rnatgan edi, lekin bu Ukraina harbiy harakatlar teatrida kuchlar muvozanatini o‘zgartirmadi.

Vashington Kiyev rejimini Amerikaning F -16 qiruvchi samolyotlari bilan ta’minlashda ikkilanib turibdi. Bu xavfsirashning sababi, ko‘p jihatdan, AQSh-Rossiya o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyatning kuchayishi emas, balki Rossiya qurollarining texnologik ustunligidir. Amerikaning eng ilg‘or AIM-120 “havo – havo” raketalari Rossiyaning R-37M raketalariga (400 km gacha) qaraganda ikki karra kuchsizroq. R-37M raketalari, shuningdek, gipertovushli – 6 Max yoki 7192 km/ soat tezlikda uchadi, ishga tushirilgandan so‘ng 3-4 daqiqada uzoq masofadagi nishoniga yetib bora oladi. Yuqori aniqlikdagi AIM-120 raketalari hech qanday vaziyatda UQK qiruvchilariga yordam bermaydi (MiG-29, F-16 yoki F-15). Shu sababli, AQShda arzon narxda ukrainalik kamikadze-uchuvchilar tayyorlanmoqda, ular katta ehtimol bilan faqat bitta parvozni amalga oshiradilar.
NATO Ukrainaga qurol yetkazib berish hajmini oshirmoqda. Pentagon rahbari Lloyd Ostin o‘nlab mos samolyotlarni “tortib olish” mumkin bo‘lgan Shimoliy Afrika mamlakatlarini“tintib”, shiddat bilan kezmoqda. Masalan, Misr harbiy-havo kuchlari 2015-yildan buyon 40 dan ortiq MiG-29 qiruvchi samolyotlarini ishlatib kelmoqda.

Kiyevning bosh “aktori” Zelenskiy UQKni joniga qasd qilinadigan qarshi hujumga tayyorlamoqda va G‘arbdan harbiy yordamni oshirishni talab qilmoqda. AQSh va NATO boshchiligida Kiyev rejimi mulohaza qilinmasdan UQKning qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotishlarini ko‘paytirmoqda, o‘z nazorati ostidagi hududning tinch aholisini kulfatlar va qiyinchiliklarga mahkum qilmoqda. Vashington va Ukraina qo‘g‘irchoqlarining tajovuzkor rejalarini obyektiv haqiqat shafqatsizlarcha yo‘qqa chiqarmoqda.

Bugun Rossiya QK uzoq masofali, havo, dengiz va quruqlikdagi yuqori aniqlikdagi qurollar, jumladan, “Kinjal” gipertovushli raketa majmuasi bilan Ukrainaning muhim harbiy infratuzilma obyektlari va harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga kattiq zarba berdi. Maqsadlarga erishildi: hujumchi dronlarining bazalari yo‘q qilindi, zahiralarni tashish va chet el qurollarini temir yo‘l orqali olib kirish yo‘llari vayron qilindi, harbiy texnikani ta’mirlash va o‘q-dorilar ishlab chiqarish obyektlari ishdan chiqarildi.