Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston bosh vazirini qabul qildi

Uchrashuvda avtomobilsozlik, to‘qimachilik, elektrotexnika sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda madaniy-gumanitar munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 9 mar - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Qirg‘iziston keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, savdo, energetika, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Avtomobilsozlikda, paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish, elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, foydali qazilmalar konlarini birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini jadal sur’atda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Qambarota-1 GESni birgalikda barpo etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini faol tayyorlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Undan tashqari 2023-yilda ikki davlat parlamentlari, hukumatlari, jamoatchilik va yoshlari darajasida ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir necha qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish mo‘ljallangani ta’kidlandi.