TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekistonda 11-mart kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq xayriya hasharida 5 mingga yaqin oilaning uy-joyi ta’mirlab beriladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "Mahalla" xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Hasan Salomov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shanba kuni 12 ming gektarga yaqin maydonni obodonlashtirish rejalashtirilgan. 11 ming tonnaga yaqin maishiy va qurilish chiqindilari chiqarib tashlanib, 1300 kilometrdan ziyod ariq va lotoklar tozalanadi.
Qabriston va ziyoratgohlar obodonlashtiriladi
Ramazon oyi arafasida qabriston va ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Bu yilgi hashar doirasida ham 8 ming 500 dan ziyod qabristonlar 400 ga ziyoratgohlar obodonlashtiriladi.
Mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi
Hashar doirasida 1 million tupga yaqin manzarali, 500 ming tupdan ziyod mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilishi rejalashtirilgan. Aholiga homiylik mablag‘lari hisobidan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari bepul yetkazib beriladi. Shuningdek, hashar doirasida 2 million tupdan ziyod gul ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning uy-joy sharoitini yaxshilash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish uchun 1 milliard 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanadi.
Hashar doirasida yana bir qator xayriya tadbirlari tashkil etiladi:
2 mingdan ziyod imkoniyati cheklangan shaxslar hamda yakka-yolg‘iz keksalar holidan xabar olinadi;
7 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatiladi. Buning uchun jami 2 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltiriladi.
Qayd etilishicha, avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlarlarda ixtiyoriy tashabbus bilan tadbirlar o‘tkazish ta’qiqlanadi. Ish beruvchilarning xodimlarni hasharga majburiy jalb etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.