TOShKENT, 9 mar - Sputnik. Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasi raisi Aqilbek Japarov O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida Asaka shahridagi (Andijon viloyati) UzAuto Motors zavodiga tashrif buyurdi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Japarov Asakadagi avtomobil zavodi investitsiyalarni jalb etish va ishlab chiqarish jarayonini samarali tashkil etishning yorqin namunasi ekanini ta’kidladi.
“Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish doirasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish zarur. Bu yo‘nalishda dastlabki qadamlar qo‘yildi. Endi amaldagi kelishuvlar yaqin kelajakda amaliyotga tatbiq etilishi uchun UzAuto Motors zavodi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’atini oshirish kifoya”, - dedi Japarov.
Qirg‘iziston bosh vaziri Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi qator to‘qimachilik korxonalarida ham bo‘ldi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlikni rejalashtirmoqda. 2023-yil boshida ikki davlat o‘rtasida Jalolobod viloyatida to‘qimachilik ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolangan edi.
Buning uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Nookat tumanida joylashgan to‘qimachilik korxonasi qurilishi uchun 16 million dollar ajratiladi.