TOShKENT, 8 mar - Sputnik. Qirg‘iziston bosh vaziri (Vazirlar mahkamasi raisi – Prezidenti administratsiyasi rahbari) Akilbek Japarov O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keldi.
Tashrif Andijon viloyatidan boshlandi. U yerda qo‘shni respublika bosh vaziri UzAuto Motors korxonasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Akilbek Japarov aytishiga ko‘ra, ushbu korxona sarmoyalar jalb etish va samarali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning yaqqol misoli deb atadi va korxona bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’atini oshirish kerakligini ta’kidladi.
“Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish doirasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish zarur. Bu borada dastlabki qadamlar qo‘yildi. Endi amaldagi kelishuvlar yaqin kelajakda hayotga tatbiq etilishi uchun UzAuto Motors zavodi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’atini oshirish zarur”, — dedi u.
Ma’lumot uchun: Asaka shahridagi zavod qurilishi 1994-yil iyun oyida boshlangan. 1996-yil mart oyida korxonada "Damas" avtomobili ishlab chiqarila boshlandi.
Ayni paytda korxona konveyerdan “Spark”, “Nexia”, “Cobalt”, “Lacetti-Gentra”, “Damas”, “Labo”, “Malibu”, “Tracker”, “Equinox”, “Trailblazer”, “Traverse”, “Tahoe” kabi avtomobillar Chevrolet brendi ostida ishlab chiqarilmoqda. Korxona o‘tgan yilda 327 ming dona avtomobil ishlab chiqargan va joriy yilda ishlab chiqarish hajmini 400 mingga yetkazishni rejalashtirilgan.
Tashrif davomida Qirg‘iziston bosh vaziri, O‘zbekiston oliy rahbariyati bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazishni hamda Jizzax viloyatining Manas qishlog‘ida ixcham istiqomat qiluvchi etnik qirg‘izlar bilan ham uchrashishni rejalashtirilgan.