Mirzo Muhammad ibn Shohrux ibn Temur Ulug‘bek Qo‘rag‘oniy – 1394-yil 22-mart kuni hozirgi Ozarbayjon hududidagi Sultoniya shahrida, Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohrux Mirzo oilasida dunyoga kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1394-yilda Amir Temur Iroqdagi Mordin qal’asini qamal qiladi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Amir Temurga nabirasi tug‘ilgani haqida xabar keltiriladi va munajjimlar uning hukmdor va olim bo‘lishini bashorat qiladi. Temur ushbu xushxabar tufayli Mordin qal’asi qamalini to‘xtatadi va uning xalqiga yuklangan tovonni bekor qiladi. Yangi tug‘ilgan nabiraga Muhammad Tarag‘ay ismi beriladi.
Muhammad Tarag‘ay bolalik yillari buvisi Bibixonimning tarbiyasida bo‘lgan. 1405-yil Xitoyga qilinayotgan yurish boshida Temur vafot etgach, ikki yil davomida uning avlodlari o‘rtasida taxt uchun kurash davom etadi. Kurashda Temurning kenja o‘g‘li Shohruxning qo‘li baland keladi. U o‘z davlati poytaxti sifatida Hirotni tanlaydi, Movarounnahr poytaxti bo‘lgan Samarqandni esa o‘g‘li Ulug‘bekka topshiradi.
1411 yilda 17 yoshli Ulug‘bek Movarounnahr va Turkistonning hokimi etib tayinlanadi. U yoshligida fan va san’at turlariga, ayniqsa, matematika va astronomiyaga katta qiziqish bildiradi. Ulug‘bek yaxshi ta’lim olgan. Ajoyib xotira egasi bo‘lib, arab va fors tillarini yaxshi bilgan, turk she’riyatidan yaxshi xabardor bo‘lgan. O‘zi ham she’rlar yozgani haqida ma’lumotlar bor.
Yedinstvenniy prijiznenniy portret Mirzo Ulugbeka.
Ulug‘bek 1447-yilda otasining vafotidan xabar topgach Balxga jo‘naydi. Bu yerda u marhum akasi Boysung‘urning o‘g‘li Alovuddavlaning Hirotda Temuriylar saltanati hukmronligini da’vo qilganidan xabar topadi. Ulug‘bek Alouddavlaga qarshi yurish qiladi va Murg‘obda bo‘lib o‘tgan jangda u bilan uchrashadi. O‘z jiyani ustidan g‘alaba qozonib, 1448-yilda Hirotga qarab yuradi. Biroq Alouddavlaning ukasi Abulqosim Bobur Mirzo unga yordamga kelib birgalikda Ulug‘bekni mag‘lub etishadi.
Ulug‘bek Balxga chekinadi va u yerda to‘ng‘ich o‘g‘li Abdullatif Mirzo ison ko‘targanidan xabar topadi. Ichki nizolar boshlanadi. Abdullatif Amudaryo bo‘yida otasining qo‘shinini kutib olish maqsadida qo‘shin to‘pladi . Biroq shahardagi notinchlik xabarini eshitib, Ulug‘bek hech qanday jang bo‘lmasdan Samarqandga chekinishga majbur bo‘ladi. Abdullatif tez orada Samarqandga yetib boradi va Ulug‘bek beixtiyor o‘g‘liga taslim bo‘ladi. Abdullatif otasini hibsdan ozod qilib, Makkaga haj qilishiga ruxsat beradi. Biroq, manziliga yetib bormasdan turib otasi va ukasi Abdulazizni ham 1449-yilda qatl qildirdi.
Ilmiy merosi
Ulug‘bek davrida Samarqand ilm-fan o‘choqlardan biriga aylangan. U yerda 15-asrning birinchi yarmida Ulug‘bekning atrofida G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi taniqli astronom va matematiklarni birlashtirgan katta ilmiy maktab vujudga keladi. U vaqtlar Samarqandda O‘rta Osiyo haqida ajoyib asar yozgan tarixshunos Hofiziy Abru, taniqli shifokor Mavlono Nefis, shoirlar Sirojiddin Samarqandiy, Sakkokiy, Lutfiy, Badaxshiylar va boshqalar yashagan. Ular o‘z davrining eng ilg‘or fikrli va ilmli kishilari bo‘lgan
Ulug‘bek ilmiy merosining eng asosiysi, ma’lum va mashhuri uning “Zij”i bo‘lib, bu asar “Ziji Ulug‘bek”, “Ziji jadidi Guragoniy” deb ham ataladi. “Zij”dan tashqari uning qalamiga mansub matematik asari “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola”, astronomiyaga oid “Risolayi Ulug‘bek” (yagona nusxasi Hindistonda, Aligarh universiteti kutubxonasida saqlanadi) va tarixga doir “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) asaridir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek tibbiyot va musiqaga ham qiziqqan. Jumladan, Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida unng she’rlaridan namunalar keltirib o‘tgan.
Mirzo Ulug‘bekning vafotidan so‘ng Samarqanchdi olimlari asta-sekin Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari bo‘ylab tarqalib ketadi. Olimlar o‘zlari borgan yerlarda Samarqand olimlarining yutuqlari va “Zij”ning nusxalarini ham yetkazadilar. Xususan, Ali Qushchi 1473-yil Istanbulga borib, rasadxona quradi. Shunday qilib Ulug‘bekning ushbu yirik asari Turkiyada tarqaladi va u orqali Yevropa mamlakatlariga yetib boradi. Masalan, 1638-yili Istanbulga ingliz olimi va sharqshunosi, Oksford universitetining professori Jon Grivs (1602—1652) keladi. Qaytishida u o‘zi bilan Ulug‘bek “Zij”ining bir nusxasini Angliyaga olib ketadi. 1648-yili avval “Zij”dagi 98 yudduzning jadvalini chop etadi. O‘sha yilning o‘zida Grivs “Zij”dagi geografik jadvalni ham nashr etadi. 1650-yili esa u “Zij”ning birinchi maqolasining lotincha tarjimasini nashr etadi. Grivs 1652-yili mazkur oxirgi ikki ishni qayta nashr etadi.
Pochtovaya marka "Uzbekskiy astronom i matematik Ulugbek". SSSR, 1987 god.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda “Zij” asarining yuzga yaqin forsiy nusxasi va 15 dan ortiq arab tilida nusxasi mavjud. U musulmon mamlakatlarining deyarli barchasida o‘rganilgan.
Shunday bo‘lishiga qaramay, “Zij” asari umuman olganda to‘liq ravishda o‘rganilmagan va biror zamonaviy tilga to‘liq tarjima qilinmagan. 1994-yili Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600-yilligi munosabati bilan asar ilk bor rus tilidagi to‘liq tarjimasi nashr etiladi. Shu yili Ulug‘bekning yana bir asari “To‘rt ulus tarixi” ham Toshkentda o‘zbek tilida nashr etiladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lozmalar fondida Mirzo Ulug‘bekning samarqandlik xattot Azizullo tomonidan nasx xatida taxminan 1439-yilda, Ulug‘bek 45 yoshda bo‘lganida ko‘chirilgan “Ziji Ko‘ragoniy”si saqlanmoqda. Qo‘lozma sahifalarida Ulug‘bekning tuzatishlari ham bor. Ushbu tuzatishlar uning dastxati, yozuvi haqida ma’lumot beradi.
1417-1420 yillar Ulug‘bek Samarqandda madrasa qurdirib, Registonda barpo etilgan birinchi me’moriy ansamblga aylanadi. Ushbu madrasaga Ulug‘bek islom olamining ko‘plab astronom va matematiklarini taklif etadi. Qolgan ikki madrasa G‘ijduvon va Buxoroda qurilgan. Ulug‘bek tomonidan qurilgna madrasalar universitet vazifasini bajargan. Ulug‘bekning Buxoroda qurdirgan madrasasi peshtoqida “Ilmga intilish har bir musulmon uchun farzdir” yozuvi saqlanib qolgan.
Ulug‘bek rasadxonasi haqida
Ulug‘bek rasadxonasi - Samarqand shahrining eng diqqatga sazovor obidalaridan biri, 15-asr me’morchiligining nodir namunasi.
1428-1429 yillarda Ulug‘bek farmoyishi bilan Cho‘ponota tepaligida ulkan silindr shaklida bunyod etilgan. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida yozilishicha, balandligi 30, 4 metrdan iborat 3 qavatli bino qurilgan. Unda o‘ndan ortiq turli astronomik qurilmalar va asboblar bo‘lgan. Boburning yozishicha, rasadxonaning sirti koshin va sirli parchinlar bilan bezatilgan. Uning ichiga o‘rnatilgan juda katta asbob yordamida Quyosh, Oy, sayyora va yulduzlar katta aniqlikda o‘rganilgan. Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra rasadxonada kutubxona bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bekning eng yirik astronomik asari “Ziji Ko‘ragoniy” rasadxonada yaratilgan. Uning qurilishi va keyingi ilmiy faoliyati Ulug‘bek taklifi bilan yig‘ilgan qator mashhur olimlar G‘iyosiddin Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va boshqalar nomi bilan bog‘liq.
Vneshniy vid ostatkov observatorii Ulugbeka v Samarkande. 1929 god.
XV asrda Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek qurdirgan rasadxonada kattagina globus bo‘lgan. Unda iqlimlarning chegaralari, tog‘lar, cho‘llar, dengizlar va darolar ko‘rsatilgan. Binobarin, dunyodagi ikkinchi globusni Samarqand astronomlari yasashgan. Ulug‘bekning o‘limidan keyin u mutaassiblar tomonidan yo‘qotilgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Ulug‘bek Samarqandda balandligi 50 metrli quyosh soati yasagan. Ushbu noyob soat ham saqlanib qolmagan.
Rasadxonaning qoldiqlari 1908-yil V.L. Vatkin rahbarligida olib borilgan qazilma ishlari natijasida topilgan.
Mirzo Ulug‘bek nomi bilan...
1966 yilda O‘zbekistonda “Ulug‘bek yulduzi” filmi suratga olindi
Yozuvchi Maqsud Shayxzoda 1964-yilda “Mirzo Ulug‘bek” pyesasini yozgan.
Yozuvchi Odil Yoqubov “Ulug‘bek xazinasi” (1970-1973) romanini yaratgan.
Yozuvchi va shoir Xurshid Davron “Sohibqironning nabirasi” qissasi va “Algul yulduzi yoki Ulug‘bekning so‘nggi kuni” pyesasini yozgan
1970 yillarda O‘zbekistonda Odil Yoqubovning romani asosida “Ulug‘bek xazinasi” ko‘p qismli videofilm suratga olingan.
1994 yil Mirzo Ulug‘bek yili deb e’lon qilingan.
O‘zbekiston Milliy universiteti Mirzo Ulug‘bek nomi bilan ataladi
Toshkent, Samarqand, Buxoro va O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi xiyobon va ko‘chalarga Mirzo Ulug‘bek nomi berilgan.
Qozog‘istonning Olmaota shahrida Mirzo Ulug‘bek nomli ko‘cha bor
Toshkent metropolitenidagi bekatlardan biri Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan.
Poytaxt tumanlaridan biri Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Mirzo Ulug‘bek nomi bilan ataladi
Samarqandda Mirzo Ulug‘bek muzeyi tashkil etilgan.
Toshkent va Samarqandda Mirzo Ulug‘bek sharafiga haykallar o‘rnatilgan.
Riga shahridagi Kronvalda bog‘ida, O‘zbekiston elchixonasidan uzoq bo‘lmagan joyda Mirzo Ulug‘bek haykali o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutiga Ulug‘bek nomi berilgan.
Oyning ko‘rinadigan tomonida, limbning shimoli-g‘arbiy chekkasi yaqinida joylashgan kraterga, shuningdek, 1977-yilda kashf etilgan asosiy kamar asteroidiga Ulug‘bek nomi berilgan.