O‘zbekistonlik olimlar achchiq qalampirning yangi navini ixtiro qilishdi

Achchiq qalampirning yangi navi issiqxonada yetishtirishga moslashtirilgan ilk mahalliy nav hisoblanadi.
Sputnik
TOShKENT, 4 mar — Sputnik. O‘zbekistonlik olimlar achchiq qalampirning issiqxonada yetishtirishga va mahalliy tuproq iqlim sharoitiga mos “Sharq gavhari” navi ixtiro qilishdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.
Qalampirning ushbu navi Nurbek Xushvaqtov va Rustam Nizomovlar tomonidan yaratildi.
Achchiq qalampirning yangi navi issiqxonada yetishtirishga moslashtirilgan ilk mahalliy nav hisoblanadi. Ushbu nav o‘rtapishar bo‘lib, uning vegetatsiya davri 123-125 kunni tashkil etadi.
Achchiq qalampirning yangi navi ixtiro qilindi
“Sharq gavhari”ning ko‘rinishi boshqa qalampirlardan deyarli farq qilmaydi. Ushbu qalampirning hosildorligi gektariga 24-25,5 tonnaga teng.
Yangi nav unumdor tuproqqa talabchan, virusli kasalliklarga chidamli hisoblanadi. Eng muhimi, uni issiqxonada yilning istalgan muddatida ekib yetishtirish va iste’mol qilish mumkin.