TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Energiya resurslari xalqniki va ularni talon-toroj qilish "ko‘pning haqqiga xiyonat qilish bilan bab-baravar", dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva yuqori palataning yalpi majlisida.
Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, energiya resurslaridan oqilona foydalanish orqali ularning aholiga yanada ishonchli, barqaror va yetarlicha yetkazib berilishini ta’minlash hamda tizimda turli talon-torojliklarning oldini olishda bunday qonunlarga (energiya resurslaridan qonunga zid foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiruvchi -tahr.) ehtiyoj katta.
"Elektr, gaz va vodoprovoddan tijorat maqsadlarida qonunga xilof ravishda foydalanish o‘g‘irlik, deb belgilanmoqda. Sababi oddiy: mazkur ne’matlar xalqimizniki, ya’ni ko‘pchilikning haqqi. Shunday ekan ularni talon-taroj qilish, o‘g‘irlash ko‘pning haqqiga xiyonat qilish bilan bab-baravar. Demak, javobgarlik ham shunga yarasha qat’iy bo‘ladi", — deydi u.
Senat raisining aytishicha, kiritilayotgan normalarning mazmun-mohiyatini aholi va ijrochilar o‘rtasida keng tushuntirishga jiddiy e’tibor qilish talab etiladi. Qonunda bu vazifa asosan Bosh prokuratura va Energetika vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Biroq bu masalada parlament va jamoatchilik ta’sirini ham oshirish zarurligi qayd etildi.
"Kecha Senatning joriy yildagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilib, energetika sohasidagi dolzarb vazifalar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishga kelishib oldik. Shu bois yana bir bor barcha senatorlarni ushbu yo‘nalishda, jumladan qonunchilikka kiritilayotgan mazkur yangiliklarni joylarda aholiga tushuntirish va ularning ijrosini ta’minlashda faol bo‘lishga chaqirib qolaman", — deydi Tanzila Norboyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.