Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish o‘g‘irlikka tenglashtiriladi - Senat

Elektr, gaz va suvdan noqonuniy foydalanish holatlari - o‘g‘irlik jinoyatiga tenglashtiriladi, Jinoyat kodeksiga taaluqli o‘zgarishlar kiritiladi - Senat.
Sputnik
TOShKENT, 3 mar — Sputnik.O‘zbekistonda energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqida Senatning 37-yalpi majlisida ma’lum bo‘ldi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilishdi.
Xususan, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilmoqda.
Ikkinchidan, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekanligi belgilanmoqda.
Uchinchidan, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Ma’lumot uchun, ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, O‘zbekistonda bugungi kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar salmog‘i ortib bormoqda.
Bosh prokruatura tomonidan 2022-yil va 2023-yilning boshida elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
Shuningdek, suv ta’minoti tarmoqlariga 1 624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 mlrd 144 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari son oshishiga amaldagi Jinoyat kodeksida belgilangan javobgarlik choralarining yetarli emasligi ham sabab bo‘lmoqda. Bugungi kunda bunday jinoyat sodir etib, davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish imkoniyatini cheklangan, deyiladi Senat xabarida.