AQSh Xitoyni yadroviy tahdid manbai sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda — Xitoy TIV

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi: AQSh gegemonlikni saqlab qolish uchun Pekin tahdidi nazariyasini ilgari surmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Qo‘shma Shtatlar Xitoyni yadroviy tahdid manbai sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda, garchi ularning o‘zlari eng katta xavf tug‘dirsa ham. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi AQSh prezidenti Jo Baydenning ichki xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Elizabet Shervud-Rendallning Xitoy strategik arsenalining kuchayishi fonida tahdidlarni minimallashtirish uchun Pekin bilan aloqalarni davom ettirish zarurligi haqidagi bayonotiga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington o‘z arsenallarini kengaytirish va harbiy gegemonlikni saqlab qolish uchun bahona sifatida Xitoyning yadroviy kuchlarini qurish haqidagi bayonotlarga muhtoj.
Diplomat so‘nggi yillarda Qo‘shma Shtatlar yadroviy triadani agressiv tarzda modernizatsiya qilganini, Pekin esa o‘z kuchlarini milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan minimal darajada saqlab, muvozanatli va mas’uliyatli pozitsiyani egallaganini eslatdi.
"Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng yirik yadroviy tahdid manbai", deb qo‘shimcha qildi Mao Nin.
U Vashingtonni xavfsizlik siyosatini sinchkovlik bilan ko‘rib chiqish va xavflarni kamaytirish hamda global va mintaqaviy tinchlikni saqlash uchun amaliy choralar ko‘rishga chaqirdi.