TOShKENT, 2 mar - Sputnik. Hindiston poytaxtida G20 (“Katta yigirmalik”) davlatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi boshlandi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, rasmiy qism boshlanishidan ancha oldin Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok uchrashuv o‘tkaziladigan joyga birinchi bo‘lib yetib keldi. U kelganidan taxminan bir soat o‘tgach, G20 a’zolarining qolgan qismi Kongress markaziga kela boshladi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Yevropa va Britaniya diplomatiyasi rahbarlari Jozep Borrel va Jeyms Kleverli bilan deyarli bir vaqtda keldi. Oxirgi bo‘lib Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov keldi.
Uchrashuv zalida Lavrov Meksika va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari yoniga o‘tirdi.
“Rossiya delegatsiyasi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan aloqa o‘rnatishni rejalashtirmayapti”, - deya avvalroq Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Rabkov RIA Novostiga ma’lum qilgandi.
Lavrov G20 doirasida Hindiston, Turkiya va Braziliya tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning yangi tashqi ishlar vaziri Sin Gan bilan ham uchrashuv rejalashtirilgan.