TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Saudiya Arabistonning Flynas aviakompaniyasi Jidda — Toshkent — Jidda yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda, deya xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, birinchi yo‘lovchi reysi 27-mart kuniga mo‘ljallangan. Reyslar Airbus A320neo samolyotlarida haftasiga to‘rt marta — dushanba, chorshanba, juma va shanba kunlari muntazam ravishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Aviakompaniya 2022-yil sentabridan Jidda — Toshkent — Jidda yo‘nalishi bo‘yicha Bokuga texnik qo‘nish bilan yo‘lovchi reyslarini amalga oshirmoqda. Ushbu reyslar 2023-yilning 24-martigacha amalga oshiriladi, shundan so‘ng aviatashuvchi yangi parvozlar jadvaliga o‘tadi.
Flynas — Saudiya Arabistoni aviakompaniyasi. Qirol Xolid xalqaro aeroportida joylashgan. Flynas besh yil davomida World Travel Award va Skytrax tomonidan ketma-ket uch yil davomida Yaqin Sharqning yetakchi arzon aviakompaniyasi deb topilgan.