TOShKENT, 26 fev - Sputnik. G‘arbning Rossiyani bo‘lib tashlash rejalari qog‘ozda yozilgan va bu uning yagona maqsadiga aylandi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin "Rossiya 1" telekanali boshlovchisi Pavel Zarubin bilan suhbatda.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, agar Moskva G‘arb davlatlarining siyosatiga qarshi turmaganida, Rossiya xalqlarining va rus xalqining taqdiri keskin o‘zgarishi mumkin edi.
"Ularning rejalari amalga oshgan taqdirda, rus xalqi kabi etnik guruh bugungi kunda mavjud bo‘lgan shaklda yashay oladimi yoki yo‘qligini ham bilmayman", - dedi Putin.
Davlat rahbari G‘arb yagona rus xalqi o‘rniga “moskovitlar, uralliklar va boshqalarni” yaratmoqchi ekanligini ta’kidladi.
"Bularning barchasi rejalarda bor edi - ular qog‘ozda yozilgan. Faqat munosabatlarni vaqtincha saqlash maqsadida biz <...> bu haqda gapirmaslikka harakat qildik. Lekin bularning hammasi bor, hammasi qog‘ozda yozilgan”, - dedi Prezident.
Putin, dastlab Sovet Ittifoqining, keyin esa Rossiyaning bo‘linishini - G‘arbning umumiy maqsadi deb atadi.
“Keyin, ehtimol, ular bizni madaniyatli xalqlar oilasiga qabul qiladilar, lekin faqat alohida-alohida, har bir qismni alohida”, - dedi Putin.
Davlat rahbari tushuntirganidek, G‘arb Rossiyani har xil subyektlarga bo‘lib, ularni o‘z nazorati ostiga qo‘ymoqchi.
Rossiya prezidenti aytishiga ko‘ra, G‘arb davlatlari SSSR parchalanganidan so‘ng dunyoni o‘zlarining istaklariga mos ravishda o‘zgartirishga urinib kelishdi va bu xavfli vaziyatni keltirib chiqargan. Shundan so‘ng Rossiya ularga javob qaytarishga majbur bo‘ldi.