TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda “Endi maktab o‘quvchilari oldindan bitiruv imtihonlarini topshirishlari va maktab darslariga bormasliklari mumkin” degan mazmunda xabarlar tarqalmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu xabarlar mutlaqo asosga ega bo‘lmagan yolg‘on xabarligini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bu xabarlar maktabni o‘z vaqtida tugata olmagan, ya’ni maktab yoshidan o‘tgan fuqarolarning eksternat tartibida imtihon topshirish uchun arizalar berishi bilan bog‘liq xabarning noto‘g‘ri talqin qilinganligi natijasida tarqatilmoqda.
“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, fuqarolarning umumiy o‘rta ta’lim olish huquqini ta’minlash maqsadida eksternat tartibida imtihonlarda faqat o‘z vaqtida turli sabablarga ko‘ra umumiy o‘rta ta’limni yakunlay olmagan, aniqroq aytganda, maktabni to‘liq bitirmagan 18 yoshdan oshgan fuqarolar ishtirok etadi.
Qayd etilishicha, eksternat tartibidagi imtihonlarning maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga aloqasi yo‘q.