Hokim bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashida rahbar bo‘lishi taqiqlanishi kutilmoqda

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida hokimlarning vakolatini qisqartiruvchi qat’iy norma o‘rnatilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Hokimning bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashi raisi bo‘lishi taqiqlanishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Bugun deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, avvalgi muhokamalarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga boshchilik qilishini nazarda tutuvchi qoida chiqarib tashlangan edi.
Biroq, jamoatchilik tomonidan berilgan takliflarda bunday o‘zgarishning o‘zi yetarli emasligi, ya’ni hokimlar xalq deputatlari Kengashlarida rahbar bo‘la olmasligi aniq ko‘rsatilishi kerakligi bildirilgan.
Shunga muvofiq, “hokim lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida tegishli xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas” degan qat’iy norma o‘rnatilmoqda.
Ma’lumot uchun, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 6 turdagi ekspertizadan, jumladan: lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korrupsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizalardan o‘tkazildi.