TOShKENT, 22 fev — Sputnik. O‘zbekistonda vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan raqamlashtirish bo‘yicha 2023-yilgi vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Yig‘ilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, elektr energiyasi iste’molini nazorat qilish va hisobga olish avtomatlashtirilgan tizimining (EHNAT) 160 dan ortiq funksiyasi bo‘lsada, hozirda faqat 1-2 tasidan foydalanilayapti. Jumladan, tuman elektr tarmoqlari korxonalari qayerda avariya bo‘lganini faqat aholi murojaati orqali biladi.
Shu kabi masalalar tartibga solinmagani tanqid qilindi. Mutasaddilarga EHNAT imkoniyatlarini to‘liq inventarizatsiya qilib, ularni hududlarning elektr balansini shakllantirish, noqonuniy ulanishlar va avariyalarni nazorat qilish, iste’molni rejalashtirish kabi yo‘nalishlarda ishlatish topshirildi.
Shuningdek, aholi eng ko‘p murojaat qiladigan ichki ishlar idoralarida 34 ta, adliya idoralarida 32 ta, “O‘zstandart”da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat elektron shaklga o‘tkazilmagani qayd etildi.
“Misol uchun, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan “086-shakl” tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majbur. Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Ammo kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir “qo‘lda” qilinmoqda. Yoki, yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin, ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur”, - deyiladi xabarda.
Prezident qolgan vazirliklarda ham raqamlashtirish bo‘yicha xalqni rozi qiladigan tizim to‘liq yaratilmaganini ta’kidladi.