Pediatriya markazida bolalarda uchraydigan murakkab kasalliklarni davolash yo‘lga qo‘yilmoqda

Qayd etilishicha, yutuqlar poytaxt bilan chegaralanib qolmay, hududlarda ham amaliyotga keng tatbiq etilyapti.
Sputnik
TOShKENT, 20 fev — Sputnik. Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalarda uchraydigan murakkab kasalliklarni noyob operatsiyalar orqali davolash yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
“So‘nggi ikki yilda ushbu muassasada dunyoning eng ilg‘or mamlakatlarida qo‘llanila boshlagan 39 ta yangi diagnostik va davolash usullari amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu davrda yurtimizda ilk bor yuqori ichak tutqich arteriyasi sindromini eng ilg‘or texnologiyalar yordamida aniqlab, uni murakkab operatsiya orqali barataraf etish yo‘lga qo‘yildi”, — deydi markaz direktori Dilorom Ahmedova.
Ta’kidlanishicha, shuningdek, O‘zbekistonda birinchi marta 2 nafar yosh bemorda yuz nervining plastika mikroxirurgik operatsiyasi bajarildi. Natijada ularda yuz assimetriyasi va nuqsoni kaminvaziv yo‘l bilan muolaja qilindi.
Qayd etilishicha, bunday yutuqlar poytaxt bilan chegaralanib qolmay, hududlarda ham amaliyotga keng tatbiq etilyapti.
Jumladan, Jizzax, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida ilk bor tizimli boshlanuvchi yuvenil artrit aniqlangan bolalarni genno-injener terapiyasi orqali davolash o‘zlashtirilgan.
Shuningdek, bolalarda malabsorsiya sindromini ichaklar baryeri o‘tkazuvchanligini hisobga olgan holda differensiyalangan muolaja qilish hamda mukovissidoz kasalligini ham shu usulda davolash yo‘lga qo‘yilgan.