TOShKENT, 19 fev — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatning barcha sobiq davlat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Erbol Sultanbayev xabar berdi.
Uchrashuv neytral hududda bo‘lib o‘tgan. Unda Asqar Akayev (1991-2005), Qurmanbek Bakiyev (2005-2010), Roza Otunbayeva (2010-2011), Almazbek Atamboyev (2011-2017) va Sooronbay Jeenbekov (2017-2020) ishtirok etgan.
Japarov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida uchrashuv haqida post e’lon qilgan.
“Avvalgi barcha prezidentlar bilan ularni bir stol atrofiga yig‘ib, uchrashuv o‘tkazdim”, - deb yozadi u.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, sobiq davlat rahbarlari uning “bir musht bo‘lish” tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Yig‘ilishda ular “g‘azabini bildirgan, noroziliklarini aytgan, biroq shu bilan birga kamchiliklarini ham tan olgan”.
“Va eng muhimi, ular bir-birlarini kechira olishdi! Mening maqsadim ham shu edi”, - dedi Japarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir sobiq prezidentning siyosatida fojiali voqealarga olib kelgan kamchiliklar va xatolar bo‘lgan.
“Biroq, kechira bilish va kechirilish din nuqtayi nazaridan ham, ajdodlar urf-odatlarida ham buyuk an’anadir. Agar biz Qirg‘iziston rivojlanishini istasak, eski xafagarchilik va noroziliklardan voz kechishimiz kerak”, - degan Japarov.
U Qirg‘izistonning har bir fuqarosini birlashishga chaqirib, avvalgi davlat rahbarlarining hech biriga shaxsiy da’vosi yo‘qligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 14-fevral kuni Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev hibsdan ozod etilgan edi.