Peskov Rossiya va Turkiya gaz xabi yuzasidan ma’lumot berdi

Turkiya bu ofatni yengib, jabrlanganlarga barcha zarur yordamni ko‘rsatishiga, vayron bo‘lgan shaharlarni qayta tiklashiga shubhamiz yo‘q, deydi Peskov.
Sputnik
TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Rossiya va Turkiya gaz xabini yaratish hozir Anqara uchun ustuvor masala emas, jarayonlarda siljishlar bo‘lishi mumkin, ammo bu rejalar amalga oshishiga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidladi.

“Albatta, hozir bu Turkiya Respublikasi uchun ustuvor vazifa bo‘lishi mumkin emas. Biz bunga tushunish bilan munosabatda bo‘lamiz. Shunga ko‘ra, vaqt bo‘yicha biroz siljish bo‘lishi mumkin. Bilasiz, bu yo‘nalishda ishlar juda yuqori sur’atlar bilan bo‘lgan. Ammo Turkiya bu ofatni yengib, jabrlanganlarga barcha zarur yordamni ko‘rsatishiga, vayron bo‘lgan shaharlarni qayta tiklashiga shubhamiz yo‘q. Bu borada ko‘plab davlatlar, jumladan, bizning mamlakatimiz ham kerak bo‘lsa Turkiyaga yordam beradi. Shuning uchun, ha, bu jarayon biroz siljishi mumkin, lekin aslida bu rejalarning amalga oshishiga ta’sir qilmaydi”, - dedi Peskov jurnalistlarga.

6 fevral kuni ertalab Turkiya janubi-sharqida 7,7 magnitudali zilzila yuz berdi. Prezident Rajab Toyib Erdog‘anning so‘zlariga ko‘ra, bu 1939-yildan beri eng kuchli zilzila bo‘ldi. O‘sha kuni tushdan keyin yana 7,6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Turkiyada halok bo‘lganlar soni 13 mingga yaqinlashgan, yaradorlar esa 63 mingga yaqin.
O‘tgan yil oktabr oyida Vladimir Putin Turkiyada gaz xabi tashkil etishni taklif qilgan edi. Putin ta’kidlaganidek, bunday qaror iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq va xavfsizlik darajasi ancha yuqori bo‘ladi.
Keyinroq Turkiya rahbari bilan uchrashuvda Putin markazning yaratilishi narxni “normal, bozor darajasida, hech qanday siyosiy ohanglarsiz” xotirjam tartibga solish imkonini berishini ta’kidlagandi.