“Hech kim ishonmagan edi”: telefonlarni qo‘lsiz ta’mirlovchi imkoniyati cheksiz usta

Dilmurod Jabborovning qo‘l-oyoqlari tug‘ma nogiron. U qanday qilib elektrotexnikalarni ta’mirlovchi ustaga aylangan - Sputnik᾽ning navbatdagi hikoyasi shu haqida.
Sputnik
TOShKENT, 8 fev – Sputnik. Toshkent viloyatining Pskent tumanida istiqomat qiluvchi Dilmurod Jabborovning qo‘l-oyoqlari tug‘ma nogiron: u oyoq-qo‘llari bilan mustaqil harakatlana olmaydi. Biroq bu unga elektrotexnikalarni tuzatishda xalal bermaydi.
Kasallik sabab Dilmurod maktabda tahsil olmagan. Shu bilan birgalikda uyda ta’lim olishga ham imkoniyati bo‘lmagan. U hammasini mustaqil o‘rganishga to‘g‘ri kelgan. Ukasining darsliklarini ko‘rib yozish va o‘qishni o‘rgangan.
Bundan tashqari, u biror kasbning etagini tutishga harakat qilgan. Bunda unga uydagi eski televizorning tez-tuz buzilishi yordam bergan.
“Televizorni tuzatish uchun uyimizga ustalar kelsa, men ularning ishlarini kuzatib turardim. Shundan radiotexnikalarni ta’mirlashga qiziqishim paydo bo‘lgan”, - deydi Jabborov.
Garchi avvaliga unga hech kim ishonmagan bo‘lsada, mana 25-yildirki, u texnikalarni tuzatish bilan shug‘ullanadi.
Usta otasi uni bu ishdan qaytarishga uringanini yaxshi eslaydi.
“Ammo men hammaga, bu ishni albatta o‘rganaman, derdim”, - deydi usta.
Hozirgi kunda Dilmurod usta har qanday rusumdagi telefonlarni ta’mirlay oladi. Yangi telefonlar chiqsa, uning ichini ochib, erinmasdan tomosha qiladi, uni o‘rganadi. Bundan tashqari, u o‘ndan ortiq shogirdlariga saboq bergan.
“O‘zim hech qayerda o‘qimagan bo‘lsamda, shogirdlarim meni ustoz deb atasa, ruhim ko‘tariladi, faxrlanaman. Ko‘proq shogirdlarga o‘rgatgim keladi, o‘z ustimda ko‘proq ishlashga harakat qilaman”, - deydi u.
Dilmurod usta har bir inson mo‘’jizalar yarata olishiga ishonadi. Uning aytishicha, asosiysi - o‘ziga ishonch.
Hikoyamiz qahramoni haqida batafsil videomizda tomosha qiling.