Onkologik amaliyotlar uchun chet elga chiqish 70 foizga kamaydi – SSV

Jigar o‘smalari, sut bezi va bachadon bo‘yni raki, kololektal va buyrak saratoni kabi kasalliklar bo‘yicha bemorlarning xorijga chiqishlari qariyb 70 foizga kamaygan.
Sputnik
TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Onkologik amaliyotlar uchun chet elga chiqish 70 foizga kamaydi. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov ma’lum qildi.
“Markazimizning yetakchi mutaxassislaridan iborat guruhlar muntazam ravishda hududlarga chiqib, mahorat darslari, seminarlar o‘tkazmoqda. Joylarda aholi uchun tibbiy ko‘riklar tashkil etilyapti”, - deydi u.
Qayd etilishicha, 2022-yil hududlarda 10 000 nafarga yaqin aholi ishtirokida o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklarda 6 156 nafar bemor aniqlanib, ularning 114 nafarida yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi.
Markaz amaliyotiga 7 turdagi, viloyat darajasida 24 turdagi, tuman darajasida esa 2 turdagi yangi jarrohlik va diagnostika usullari tatbiq qilinib, umumiy amaliyotlar soni 2021-yilga nisbatan 36 foizga oshgan.
“Natijada, jigar o‘smalari, sut bezi va bachadon bo‘yni raki, kololektal va buyrak saratoni kabi kasalliklar bo‘yicha bemorlarning xorijga chiqishlari qariyb 70 foizga kamaydi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, o‘tgan yilning o‘zida onkologik muassasalarda faoliyat yuritayotgan 112 nafar mutaxassis markazda, 78 nafari esa xorijda qayta tayyorlangan.
Avvalroq O‘zbekistonda onkologik kasalikka chalingan bemorlarni davolashda foydalaniladigan kimyo dorilari ta’minoti 95 foizga yaxshilangani haqida xabar berilgandi.