JSST: Hozir “omikron” shtammining 600 dan ortiq subvariantlari mavjud

Ta’kidlanishicha, “omikron” shtammining so‘nggi paytlarda dunyoning qator davlatlarida “kraken” nomini olgan XBB.1.5 versiyasi shiddat bilan tarqalmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Koronavirusning “omikron” shtammi hamon faol mutatsiyaga uchrash bosqichida. Hozir u 600 dan ortiq subvariantga ega va rivojlanish jarayoni to‘xtagani yo‘q. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti eksperti Mariya van Kerxove ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, “omikron” shtammining so‘nggi paytlarda dunyoning qator davlatlarida “kraken” nomini olgan XBB.1.5 versiyasi shiddat bilan tarqalmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, koronavirusning bu subvarianti garchi nisbatan yengil asoratlar bilan o‘tayotgan bo‘lsa-da, ammo u o‘ta yuquvchanligi bilan ajralib turadi. Shu bois XBB.1.5 AQSh va Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida allaqachon dominant versiyaga aylanib ulgurgan.
JSST dunyo aholisi to‘liq bosqichda va buster dozada emlanishi zarurligini ta’kidlamoqda. Bu tavsiyalarga, birinchi navbatda, xavf guruhiga mansub qatlam — keksalar, surunkali kasalliklarga chalinganlar, immuniteti zaif kishilar, tibbiyot xodimlari va homilador ayollar amal qilishi kerak.