Indoneziya tashkiloti bilan Samarqandda turizmni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilinadi

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Indoneziya ulamolar kengashi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishib olingan.
Sputnik
TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi doirasida Indoneziya ulamolar kengashi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
“Tadbir doirasida Samarqandning boy madaniy-ma’rifiy tarixi, o‘zbekistonlik buyuk allomalarning dunyo, jumladan, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi, ko‘hna shaharning sayyohlik va ziyorat turizm yo‘nalishidagi salohiyati to‘g‘risida so‘zlab berildi”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Indoneziya vakillari bilan “halol” sertifikatini joriy qilish, ushbu mamlakat aholisini “Umra+” ziyorat dasturlari doirasida O‘zbekistonga safarlarini uyushtirish, qadimiy qo‘lozmalarni o‘rganish, ikki davlat hududlarida birgalikda turli anjumanlar va ko‘rgazmalar tashkil qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Indoneziya ulamolar kengashi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishib olingan.
Ma’lumot uchun: Indoneziya ulamolar kengashi mustaqil tashkilot bo‘lib, davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Kengash Indoneziyadagi eng yuqori islom ulamolari organi sifatida 1975-yilda tashkil etilgan.