TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Afg‘onistonga temir yo‘l orqali yuklarni tashishni tashkil etish bo‘yicha yangi shartnoma kelasi haftada imzolanishi mumkin. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar berdi.
Matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil dekabr oyida “So‘g‘diyona trans” ShK va Afg‘oniston temir yo‘llari o‘rtasida yangi shartnoma shartlari Afg‘onistonning maxsus komissiyasi bilan ko‘rib chiqilib, kelishilgan.
Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston tomoni Hayraton stansiyasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan texnik ishlarni o‘zlari tomonidan belgilangan muddatlarda amalga oshira olmagani to‘g‘risida xech qanday tushuntirish bermayapti.
Bundan tashqari, Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi Hayraton stansiyasiga yetkazib berilgan vagonlarni bo‘shatish va qaytarish ishlarini tashkil etish uchun “Mansor Fateh” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan. Tashkilot kelishilgan muddat - 31-yanvarga qadar Hayraton stansiyasida ishlarni tashkillashtirishga ulgurmagan.
“Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi rahbariyatining iltimosiga ko‘ra, keyingi xafta boshida Termiz shahrida Afg‘onistonga temir yo‘l orqali yuklarni tashishni tashkil etish, Hayraton stansiyasiga yetkazib berish va olib chiqishni tashkil etish bo‘yicha “So‘g‘diyona trans” ShK va Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi o‘rtasida yangi shartnoma imzolanishi rejalashtirilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Yangi shartnoma imzolangandan so‘ng G‘alaba-Hayraton temir yo‘li ochiladi.