Bugundan O‘zbekistondagi “zapravka”larda Rossiya benzini sotuvga chiqarildi

Fevral oyida “Tatneft” kompaniyasidan qo‘shimcha 50 ming tonna AI-80-K-5 avtobenzini xarid qilinishi rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 4 fev — Sputnik. O‘zbekistondagi “zapravka”larda Rossiya benzini sotuvga chiqarildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” xabar berdi.
O‘zbekneftgaz tasarrufidagi AYoQShlarda K5 ekologik sinfiga mos AI-80 rusumidagi import avtobenzini sotuvga chiqarildi.
Yanvar oyida Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan AI-80-K-5 avtobenzinni import qilish bo‘yicha kelishuvga erishilib, "TANEKO" zavodidan jami 50 ming tonna AI-80-K-5 rusumdagi avtobenzini yuklab berilgan.
“AI-80 avtobenzinga bo‘layotgan talabning ortib borayotganligini hisobga olib, taqchillik, uzilishlar va AYoQShlardagi navbatlarning oldini olish maqsadida, 4-fevral kunidan boshlab Jamiyat tasarrufidagi AYoQShlar orqali import qilingan AI-80-K-5 rusumli avtobenzin sotuvga chiqarildi”, deyiladi xabarda.
Tovar-xomashyo birjasida AI-80-K-5 rusumli avtobenzinning boshlang‘ich narxi bir tonnasi uchun 7 168,3 ming so‘m, “O‘zbekneftgaz”ga qarashli AYoQShlarda iste’molchilarga sotiladigan yakuniy narxi bir litri uchun 6 000 so‘mni tashkil etmoqda.
Fevral oyida “Tatneft” kompaniyasidan qo‘shimcha 50 ming tonna AI-80-K-5 avtobenzini xarid qilinishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekneftgaz” AJ hamda Rossiyaning “Gazprom” OAJ, “Tatneft” OAJ, “Orsknefteorgsíntez” OAJ kabi kompaniyalari bilan 50 ming tonna, tadbirkorlik subyektlari tomonidan 5,0 ming tonna AI-80 rusumidagi avtobenzini importi bo‘yicha shartnomalar tuzilgan edi.