TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari shou-rumi ochilishi kutilmoqda. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulligi va Markaziy Sibir Savdo-sanoat palatasi kengashi (Krasnoyarsk o‘lkasi) o‘rtasida muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv ishtirokchilar Toshkent shahri tadbirkorlari tomonidan yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq ho‘jaligi mahsulotlarining Krasnoyarsk o‘lkasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportini amalga oshirish masalasini ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, Toshkent va Krasnoyarsk o‘rtasida tibbiyot turizmini yo‘lga qo‘yish ham muhokama etildi.
Shu bilan birga, Rossiya tomoni joriy yilda O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasida ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlari doimiy ko‘rgazmasini shou-rum shaklida Krasnoyarsk shahrida ochish yuzasidan qiziqish bildirdi.
Uchrashuv yakunida Toshkent shahri va Krasnoyarsk o‘lkasi Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga asos bo‘ladigan shartnomani imzolashga kelishib olindi.