O‘zbekiston geologik ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirishni boshladi - foto

Ko‘p yillik neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari ma’lumotlari qog‘oz nusxalardan elektron nusxalarga o‘tkazilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekiston geologik ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirishni boshladi. Bu haqda "O‘zbekneftgaz" xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘p yillik neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari ma’lumotlari qog‘oz nusxalardan elektron nusxalarga o‘tkazilmoqda.
Buning uchun "O‘zbekneftgaz" zamonaviy dasturiy ta’minot to‘plami, yuqori sifat darajasiga ega bo‘lgan katta sig‘imli kompyuter texnikalari, katta formatli skanerlar, rangli printerlar hamda interaktiv panellar xarid qildi.
Geologik ma’lumotlar
Katta formatli skaner uskunasi yordamida quyidagi hisobotlar qog‘oz nusxalardan elektron nusxalarga o‘tkazildi:
460 taga yaqin quduq bo‘yicha 17 mingdan ortiq karotaj diagrammalari;
100 ta maydonning geofizik pasport ma’lumoti;
130 dan ortiq quduqning geologik ma’lumotlari;
kon va maydonlarning geologik hamda zaxiralar.
Kelgusida barcha geologik ma’lumotlar qog‘oz nusxalardan elektron nusxalarga to‘liq o‘tkaziladi. Zamonaviy axborot dasturlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq qilish orqali geologik ma’lumotlarning bosqichma-bosqich raqamlashtirilishi amalga oshiriladi.
Geologik ma’lumotlar
“Bu o‘z navbatida, respublikada neft va gazga geologiya qidiruv ishlarini tezkor va samarali tashkil qilinishiga zamin yaratadi. Yer qa’ri uchastkalarini geologik o‘rganish bo‘yicha mavjud geologik ma’lumotlarning asrlar mobaynida sifatli saqlanib borilishini ta’minlaydi”, - deyiladi xabarda.