TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Rustam Yusupovga Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshqaruvchisi vazifasini vaqtincha bajarish yuklatildi. Tegishli farmoyishni poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Rahmonov 31-yanvar kuni imzoladi.
Yusupov bunga qadar poytaxt Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshqaruvchisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
U 1986-yil 12-noyabrda Namangan viloyati Chortoq tumanida tavallud topgan. Toshkent davlat agrar universiteti (2008) va O‘zbekiston prezidenti qoshidagi davlat boshqaruv akademiyasini (2020) tamomlagan. 2007-yildan 2020-yilgacha Yunusobod tumani Obodonlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritgan.
2021 yilning noyabridan buyon Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasiga rahbarlik qilib kelgan Anvar Umarov 27-yanvar kuni o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi.