TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekistondan Afg‘onistonga temir yo‘l qatnovi 1-fevraldan boshlab vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston temir yo‘l boshqarmasi ikki mamlakat o‘rtasidagi “harakatlar rejasi” bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmagan.
"O‘tgan yilning 26-30 dekabr kunlari Termiz shahrida o‘tkazilgan muzokaralar davomida 2023-yilning 1-fevraliga qadar Afg‘oniston hududidagi texnik ishlarni bosqichma-bosqich Afg‘on temir yo‘llari ishchilari tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha kelishilgan edi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, “So‘g‘diyona trans” ShK va afg‘on temir yo‘l boshqarmasi o‘rtasida tomonlar bajaradigan ishlar ro‘yxati ham tasdiqlangan. Ikki tomon 27-yanvarga qadar yangi shartnoma imzolanishiga kelishib olgan hamda tegishli bayonnoma imzolangan.
Ma’lumot uchun, Afg‘onistondagi Hayraton–Mozori Sharif temir yo‘li 2010-yilda qurilgan. 2011-yildan boshlab Hayraton–Mozori Sharif temir yo‘lining barcha xizmatlari “So‘g‘diyona Trans” ShK tomonidan amalga oshirilmoqda.