TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari agar xohlasa, Kiyevni bir kunda muzokara stoliga o‘tqizardi, lekin ular buni ataylab qilmaydi, deydi Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko.
“AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga turlicha munosabatda bo‘lish mumkin, lekin menimcha, u juda to‘g‘ri aytdi: “Agar Amerika Qo‘shma Shtatlari xohlasa, ularni bir kunda muzokaralar stoliga o‘tqizardi”. Menimcha, bu to‘g‘ri aytilgan fikr. Ular buni atayin qilmayapti”, - dedi Matviyenko.
Spiker, shuningdek, “agar ular (AQSh – tahr.) tinchlikni istasa, Kiyevni Minsk kelishuvlarini bajarishga har tomonlama majbur qilishini” qo‘shimcha qildi.
“Ular bu mojaroga barham berishdan manfaatdor bo‘lmagani uchun bu ishni ataylab qilmayapti, ular Rossiya taraqqiyotini sekinlashtiramiz, degan xomxayolni o‘zida saqlab qolishda davom etmoqda”, - dedi parlament yuqori palatasi raisi.
Matviyenko, shuningdek, qurol-yarog‘, jumladan, hujumkor qurollar yetkazib berish hajmining ko‘payishi “hech qanday holatda tinchlikka chaqirish emasligini” ta’kidladi.
“Bizning pozitsiyamiz aniq, tushunarli va shaffof: biz va’dalarga emas, muzokaralarga tayyormiz”, - dedi Federatsiya kengashi spikeri.
Ukrainaga qurol yetkazib berilgani uchun Rossiya NATO davlatlariga nota yubordi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina uchun qurol bo‘lgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanishini qayd etdi. Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligi NATO davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali “o‘t bilan o‘ynamoqda”, deb ta’kidladi. Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaga G‘arbdan qurol-yarog‘ yetkazib berish Rossiya-Ukraina muzokaralarining muvaffaqiyatiga hissa qo‘shmasligi va salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytdi.