Favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha doimiy shtab tashkil etildi

Abdulla Aripov raisligida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlari, toshqinlar va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sel oqimlari, toshqinlar va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, shu haftadan havo harorati kunduzi +10 darajagacha va kechalari +3 darajagacha ko‘tariladi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ham +2...+7 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
"Havo haroratining ko‘tarilishi – qor va muzlar erishini tezlatib, sel, ko‘chki va suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimolini yanada kuchaytiradi", - deyilgan xabarda.
Yig‘ilishda mavjud holat hududlar kesimida chuqur tahlil qilinib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy hodisalarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar hamda hokimliklar rahbarlariga topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan sel oqimlari, toshqinlar va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha doimiy shtab tashkil etildi.
Shuningdek, davlat rahbarining 2022-yil 18-noyabrdagi 426-son qaroriga asosan Toshqinga qarshi hukumat hamda hududiy komissiyalar tuzilgan va ularning asosiy vazifalari belgilangan.
Vazirlar Mahkamasida o‘tgan yig‘ilish bayoni bilan bu komissiya a’zolari Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududlariga biriktirildi.