Oziq-ovqat sohasida rahbarlarni tayyorlovchi institut ochiladi – unga kimlar qabul qilinadi?

Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etildi
Sputnik
TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti tashkil etildi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan PQ–22-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Institutda oziq-ovqat sohasida mukammal texnologlar, yetuk kadrlar va biznes rahbarlar tayyorlanadi.
Ularga oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohasida kichik va o‘rta biznes uchun raqobatbardosh texnologiyalar, jarayonlar va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha ta’lim beriladi.
Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:
Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti;
Institut huzurida Agrobiznes subyektlari salohiyatini oshirish markazi – Capacity Building Center;
Oziq-ovqat texnologiyasi va muhandisligi xalqaro instituti huzuridagi Qo‘qon oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish texnikumi.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar Institutga sohaga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali 2-kursdan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Institutda o‘qitish ingliz, rus va o‘zbek tillarida hamda kunduzgi, sirtqi va masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshiriladi.
2024/2025 o‘quv yilidan Institutda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha dual ta’lim tizimi joriy qilinadi.
2024 yil 1-yanvardan Institutning ilmiy salohiyatini oshirish uchun oziq-ovqat sanoati va uni qayta ishlash bo‘yicha ilmiy pedagogik kadrlar (tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.