TOShKENT, 28 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 27-yanvar kuni Ozarbayjon Respublikasining Tehrondagi elchixonasiga uyushtirilgan qurolli hujumni keskin qoralaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
“Marhumning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz va jarohatlanganlarning tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tilaymiz. Umid qilamizki, ushbu hodisa sinchkovlik bilan o‘rganilgach, barcha aybdorlar javobgarlikka tortiladi”, deyiladi xabarda.
Tehronda Ozarbayjon elchixonasiga hujum uyushtirilishi oqibatida Ozarbayjonning Erondagi elchixonasi xavfsizlik xizmati rahbari O‘rxon Askerov qurolli hujumni bartaraf etish chog‘ida halok bo‘lgan. Yana bir qo‘riqchi jarohatlangan.
Ozarbayjon tomoni shoshilinch tekshiruv o‘tkazmoqda. Hujum qilgan shaxslardan biri qo‘lga olingan. U o‘z qilmishini oilasidagi muammolar bilan izohlagan.