Markaziy bank asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qoldi

Bugun bank boshqaruvi yig‘ilishida shunday qaror qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qoldi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun bank boshqaruvi yig‘ilishida shunday qaror qabul qilingan.

“Asosiy stavkaning joriy darajasi iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish uchun yetarli, deb baholanmoqda. Iqtisodiy vaziyatning rivojlanib borishi va fiskal siyosat xususiyatidan kelib chiqib, kelgusi choraklarda talab va taklifni muvozanatlashtirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurati yuzaga kelishi mumkin”, - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 2022-yil yakuni bo‘yicha YaIM o‘sishi Markaziy bankning oktabr oyidagi prognozlariga mos bo‘lib, 5,7 foizni tashkil etgan.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023-yil 16-martga belgilangan.
Oxirgi marta Markaziy bank o‘tgan yil iyuldagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 16 foizdan 15 foizgacha pasaytirgandi. Shunday keyin asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.