TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Surxondaryo viloyatida joylashgan “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligi hududidan yolg‘iz yurgan bir bosh ayiq bolasi topildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi xabar berdi.
Qizil kitobiga kiritilgan Tan-Shan qo‘ng‘ir ayiq turiga mansub bo‘lgan ushbu ayiq bolasi onasi uyquga ketishdan oldin adashib qolgani taxmin qilinmoqda.
Qo‘ng‘ir ayiq
© Tabiat resurslari vazirligi
Qishning hozirgi sovuq kunlarida uning yovvoyi tabiatda ozuqa topolmay nobud bo‘lishi hamda brakonyerlar ovlashi ehtimoli yuqori ekanligi inobatga olinib, ayiq bolasi Toshkent hayvonot bog‘i qoshidagi reabilitatsiya markaziga topshirilmoqda. U yerda ayiq veterinariya ko‘rigidan o‘tkaziladi va vaqtincha saqlab turiladi.
Qo‘ng‘ir ayiq
© Tabiat resurslari vazirligi
Bahor fasli boshida ayiq bolasini “Uzun” davlat o‘rmon xo‘jaligidagi tabiat bag‘riga qo‘yib yuborish rejalashtirilmoqda.