TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. Turkiyada prezident saylovi 14-mayga belgilandi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an ma’lum qildi.
“Siz 14-may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda birinchi marta ovoz berasiz”, - dedi Erdog‘an Bursada yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muddatidan oldingi saylovlar emas, balki saylov sanasini oldinroqqa ko‘chirish. Ta’kidlanishicha, bu qaror mavsumiy sharoitlardan kelib chiqqan holda qabul qilingan.
“Imtihonlar bor, qishloq xo‘jaligi ishlari bor. Shu munosabat bilan shunday qaror qabul qilindi”, - degan Erdog‘an.
Navbatdagi umumiy saylovlar – prezident va parlament saylovlari Turkiyada 2023-yil 18-iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi.
“Hurriyet” gazetasi avvalroq manbalarga tayanib, Erdog‘an saylov sanasini 14-mayga belgilash to‘g‘risidagi farmonni 10-mart kuni imzolashi mumkinligi, chunki koalitsiya parlamentida saylov sanasini ko‘chirishni ma’qullash uchun yetarli ovozlar bo‘lmasligi haqida xabar bergan edi.
Erdog‘anning vakolatlari farmondan 60 kun o‘tib parlamentni tarqatib yuborish va muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish uchun yetarli.