TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda hukumat tomonidan qabul qilingan 21-sonli qarorda nazarda tutilgan.
To‘maris izdoshlari jamoaviy guruhlari 1-iyundan Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida tashkil etiladi.
Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o‘rta, qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish hisoblanadi.
Guruhlar respublikaning barcha hududlarida 2 yoki 3 nafardan shakllantiriladi.
Guruh a’zolari 1-yil davomida o‘qish va ish jarayoniga salbiy ta’sir etmagan holda umumiy 360 soat vaqt mobaynida faoliyat olib boradi.
“To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari a’zolariga OTMga saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng test sinovlarisiz kvota asosida o‘qishga kirish huquqi beriladi.
Tavsiyanoma berilgan nomzodlar soni belgilangan kvotadan ko‘p bo‘lgan taqdirda, ularni o‘qishga qabul qilish tanlov natijalari bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqib, ajratilgan qabul kvotalari doirasida ketma-ketlik tartibida taqsimlangan holda amalga oshiriladi.
Guruhlarga a’zo bo‘lmoqchi bo‘lgan yoshlardan arizalar quyidagilar tomonidan qabul qilinadi:
Ichki ishlar organlari;
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati;
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi.
Guruhlarga yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlar ko‘ngilli asosda jalb qilinadi.