TOShKENT, 20 yanv - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 20-yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Majlisda maktablardagi bugungi ta’lim sifati tanqid qilindi va kelajak uchun vazifalar belgilab berildi.
"Masalan, 11-yil maktabda o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda.
– Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi ta’lim tajribasini joriy etish uchun tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga yoshlar yetakchilari va tadbirkorlar ham jalb etiladi, Yoshlar jamg‘armasidan mablag‘lar yo‘naltiriladi, - deyiladi xabarda.
Majlisda shuningdek, o‘quvchilarni axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” bo‘yicha zamonaviy kasblarga o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.
Undan tashqari chet tillarini sifatli o‘rgatish uchun maktablarga “til egasi” bo‘lgan pedagoglar jalb qilish, Prezident maktablarining til o‘rgatish tajribasi, darslik va dasturlarini tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.